Ilm-fan rivojiga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shgan buyuk allomalardan biri, algebra fani asoschisi Muhammad al-Xorazmiyni butun dunyo taniydi.
Yurtimizda buyuk ajdodimizga munosib izdosh bo‘lishga harakat qilayotgan yoshlar juda ko‘p.
Matematika ilmi rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan yosh olim, 31 yoshida fan doktori ilmiy darajasiga sazovor bo‘lgan Abror Xudoyberdiyevni ana shunday ziyolilardan biri, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Abror Xudoyberdiyev 1985 yili Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida tug‘ilgan. 2001-2005 yillarda bakalavr, 2005–2007 yillarda magistratura bosqichida tahsil olgan. O‘zbekiston Milliy universiteti Algebra va funksional analiz kafedrasi professori, fizika va matematika fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti yetakchi ilmiy xodimi. 2010 yilda nomzodlik, 2016 yilda esa doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. «Shuhrat» medali sohibi.
Uning hayot yo‘li ko‘pchilik yosh va bo‘lajak olimlarga ibrat va ilhom bag‘ishlashi, shubhasiz.
«5 YOSHIMDA 2-SINF MASALALARINI YeCHARDIM...»
O‘zim matematiklar oilasida dunyoga kelganman. Bolaligimda ota-onamning faoliyatini katta qiziqish bilan kuzatardim. Sekin-asta men ham matematika faniga mehr qo‘ya boshladim. Qush uyasida ko‘rganini qiladi, deb bejiz aytishmas ekan. Garchi maktabga bormasam-da, 1- va 2-sinfda tahsil oladigan akam va opamning matematika kitobida berilgan misollarni birga o‘tirib ishlardim. O‘shanda 5 yosh edim. Mening bu qobiliyatim tez orada butun qishloqqa tarqaldi. Hattoki maktab o‘qituvchilari «Shu kichkina bola maktab misollarini yechayaptimi?» deb hayratlanishgan. Matematikaga bo‘lgan qiziqishimni yanada rivojlantirish maqsadida ota-onam menga matematikaga oid qo‘shimcha masala va tushunchalarni o‘rgata boshlagan.
Avvallari sinflarda o‘quvchilar soni kam bo‘lgan paytlarda ikkita sinfni birlashtirib dars o‘tilar edi. Mening qishlog‘imdagi maktabda ham shunday bo‘lgan. 2-sinfda o‘qib yurgan paytlarimda bizning sinfda 10 ta o‘quvchi, 3-sinfda esa atigi 4 nafar o‘quvchi bor edi. Kichik sinf bo‘lishimga qaramay, ustozim doim meni 3-sinflar qatoriga qo‘shib, ular yechadigan masalalarni berar edi....
Dastavval, matematika faniga oddiy qiziqish bilan qaragan bo‘lsam, yillar o‘tgani sari, bu fan hayotimning mazmuniga aylana boshladi. Maqsadni hamisha yuqori cho‘qqini zabt etishga yo‘naltir, shunda uning ro‘yobini ko‘rasan, deyishadi. Men faqat matematika fanidan tengdoshlarim orasida «birinchi» bo‘lishga intildim. O‘zimga munosib raqobatchi izlashga tushdim.
MARD MAYDONDA SINALADI...
"Mard maydonda sinaladi", deganlaridek, fan bo‘yicha turli olimpiadalarda qatnashib, ijobiy natijalar ko‘rsatishni boshladim. Lekin bu meni qoniqtirmasdi. Sababi, o‘sha paytda maktabimizda, hatto tumanimizda ham menga qarshi raqobatchi o‘quvchi bo‘lmagan. Maktabda eng yaxshi o‘quvchi maqomini olib, tumanga kelganman. U yerda yana o‘z ustimda ishlashimga to‘g‘ri keldi. Keyinchalik tuman miqyosida ham o‘sha «eng yaxshi» degan nomga sazovor bo‘ldim. Oradan yillar o‘tgach, navbatdagi olimpiadada qatnashish istagida viloyat miqyosiga chiqdim. Biroq g‘oliblik shohsupasiga chiqa olmadim. Hali ko‘proq o‘qishim va o‘z ustimda ishlashim kerakligini tushundim.
Maktabni tamomlagach, O‘zbekiston Milliy universitetining matematika fakultetiga hujjatlarimni topshirdim. Mandat kuni o‘z ism-sharifimni 9-o‘rindan topdim va men bilim jihatdan shu o‘rinda turganimni angladim. So‘ng yana yuqoriga intilishni davom ettirdim. Talabalik va magistratura davrida eng bilimdon talabaga aylanishga muvaffaq bo‘ldim. Natijada ustozlar nazariga tushdim. Magistrlik dissertatsiyamni hayotimda muhim rol o‘ynagan insonlardan biri akademik Shavkat Ayupov rahbarligida himoya qildim.
Oliygohga kirgach, yana olimpiadalarda qatnasha boshladim. O‘zbekiston milliy jamoasiga ham a’zo bo‘ldim. Lekin o‘sha vaqtlarda xalqaro aloqalar u qadar yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi uchun xalqaro olimpiadada ishtirok etish nasib qilmadi. Magistraturani tamomlagach, Butun Jahon fanlar akademiyasining 3 oylik yozgi maktabiga borishga muvaffaq bo‘lganman. Shunday qilib, 2007 yili ilk safarimni Hindistondan boshladim. Qaytib kelgach, aspiranturaga o‘qishga qabul qilindim.
UNUTILMAS KUN!
2014 yili 29 yoshda edim. Janubiy Koreya davlatida xalqaro matematiklar kongressida ishtirok etdim. Ispaniya davlatida 2 oylik ilmiy safarda bo‘ldim.
Aynan shu yili ustozim akademik Shavkat Ayupov Butun jahon fanlar akademiyasining yoshlar seksiyasiga a’zo bo‘lish uchun meni tavsiya qilganligi va hujjatlarimni tayyorlab, taqdim qilishimni aytdilar.
Yoshlar akademiyasi seksiyasiga a’zo bo‘ldim. Hayotimdagi unutilmas voqea shu yili bo‘ldi, ya’ni Omon Sultonligida o‘tkazilgan kongressda Butun jahon fanlar akademiyasi prezidenti Bai Chunli qo‘lidan diplom va guvohnoma oldim.
ILM-FANNING ZAMONI KELDI
2007 yili Hindistonga bo‘lgan safarimda ularning biz bilan ilm-fanga bo‘lgan munosabatining o‘rtasida yer bilan osmoncha farq borligini ko‘rgandim. O‘sha paytda tengqurlarimning ilm bilan shug‘ullanayotganini ko‘rib, ularga bo‘lgan ko‘mak, jamiyatda qo‘llab-quvvatlanishiga juda havas qilganman. Bizda ham qachondir shunday holat bo‘larmikan? Tengdoshlarimning ulardan ilm va iqtidor jihatidan kam joyi yo‘q, degan tuyg‘u qalbimni timtaladi. Qandaydir og‘ir jarayonlarni boshimizdan o‘tkazib qaytib kelganmiz.
Ming shukrki, bugun ana shu ko‘nglimiz tubidagi orzu-umidlarimiz ro‘yobini ko‘rmoqdamiz.
MATEMATIKA – KENG QAMROVLI FAN
Hozirga qadar assotsiativ bo‘lmagan algebralar nazariyasini o‘rganish va ularni tavsiflash masalalariga doir muammolar bilan shug‘ullanib kelmoqdaman. Matematika– bu bir ummon. Tashqi tomondan nazar solsangiz, hammasi bir-biriga o‘xshab ketadigan oddiy masala va misolday ko‘rinadi. Maktab dasturidagi ba’zi bir tasavvurlarga ega bo‘lgan insonlar uni oddiy sanoq sonlardan iborat deb o‘ylaydi. Aslida, unday emas.
Matematika — juda keng qamrovli fan. Birinchi navbatda, hisob-kitobdan tashqari insonda mantiqiy fikrlashni shakllantiradi. Shu sababli bejizga bu fanni boshqa soha vakillari ham o‘rganishi bot-bot ta’kidlanmayapti. Shuning uchun ham ko‘plab oliy o‘quv yurtlari kirish imtihonlariga matematika fani ham test sinovi sifatida qo‘shilgan.
Matematikaning o‘ziga keladigan bo‘lsak, u bir nechta tarmoq va yo‘nalishlardan iborat. Hozirgi kunda matematika shu darajada rivojlanib ketdiki, hattoki bir-biriga yaqin yo‘nalishga ega bo‘lgan matematiklarning ilmiy izlanishlari bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi.
O‘zim talabalik davrimda bir nechta sohalarga qiziqqanman. Tenglamalar yoki algebra sohasi bilan shug‘ullanish borasida yo‘nalish tanlashga qiynalganman. Ularning farqini qarab ko‘rganman. O‘ylaymanki, insonning o‘zida aynan qaysi soha bilan shug‘ullanish bo‘yicha ichki bir sezgi bo‘lishi kerak. Ilm bilan shug‘ullanish oson ish emas. Unga mehr bermasangiz, u ziyo urug‘ini sochmaydi. O‘sha paytda algebra sohasi mening e’tiborimni ko‘proq jalb qilgandi. Shunday qilib, tanlovimni qabul qildim.
ZAMONAVIY OMMALASHGAN ALGEBRALAR NIMA UCHUN KERAK?
Hozirgi zamonaviy algebrada, aytaylik, XX asrning o‘rtalarida assotsiativ algebra va boshqa klassik algebralar vujudga kelgan bo‘lsa, o‘tgan asrning 90-yillaridan so‘ng assotsiativ bo‘lmagan, Malsev algebralari, Leybnis algebralari, Zinbiyel algebralari kabi bir qator shunga o‘xshash algebralar ommalasha boshladi. Aynan akademik Shavkat Ayupovning tashabbusi bilan bu yangi ommalashayotgan algebralar bilan shug‘ullanishga kirishdim.
Xo‘sh, soha yo‘nalishi bo‘yicha qanday ilmiy ishlar qilinadi? Asosan, ob’ektlarning xossalari o‘rganiladi. Qanday ilmiy xossalari mavjud yoki uni tasniflash usullari yaratiladi?
Qanday muhim sinflari tavsiflanadi? Ya’ni tasniflash deganda, aynan qanday algebra mavjud? U yerda izomorfizm tushunchasi bor. Izomorfizm aniqligida nechta algebra bor, degan savolga javob topiladi. Bularning aksariyati keyinchalik fizika masalalarida o‘z talqinini topadi. Aynan shu yo‘nalishlarda ilmiy yo‘nalishlarni hozir ham davom ettirmoqdamiz.
HAYOTDAGI QIYINCHILIK
Hayot kurash va qiyinchiliklardan iborat. Har bir insonda, menimcha, oliygohni tugatgach, endi nima qilaman, degan savol ko‘ndalang tursa kerak. Menda ham shunday bo‘lgan. Magistraturani tamomlagach, to aspiranturaga kirgunimga qadar qiyinchiliklarga duch kelganman. Birinchidan, moliyaviy tomondan. Ikkinchidan, fikrimni bir joyga jamlay olmaganman. Ilmiy ishlarim ham biroz joyida to‘xtab qolganday bo‘lgan. O‘sha paytda yoshlar va olimlarga e’tibor ancha oqsagan edi. Ming shukrki, meni ardoqlagan ustozlarimning ko‘magida bu jarayonlarni yengib o‘tdim.
“AMALIY MATEMATIKANI KUCHAYTIRISH KERAK”
Yurtimizda fundamental matematika yaxshi rivojlangan. Amaliy matematikada biroz oqsoqlanishlar bor. Ular ikkalasi ham boshqa-boshqa soha sanaladi. Fundamental matematikadagi tushuncha va tasavvurlar hayotdan ancha ilgarilab ketgan. Undagi natijalarni hayotga bevosita tatbiq qilish qiyin. Ular ma’lum yillar, balki asrlar o‘tibgina hayotda tatbiqini topadi. Yillar davomida fundamental matematika bilan shug‘ullangan olimlar birdaniga amaliy matematika bilan shug‘ullana olmaydi.
Amaliy matematikada esa iqtisodiyotning real sektoriga foyda keltiradigan masalalarning matematik modeli yaratilib, ularning yechimi topiladi. Bunda fundamental matematikada avval nazariy jihatdan isbotlangan natijalar va yaratilgan usullardan foydalaniladi.Ushbu natijalarni ishlab chiqarish, biologiya, kimyo, iqtisodiyot va boshqa ko‘plab sohalarga qo‘llash mumkin.
O‘zA