Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
5 tonnagacha shisha chiqindisidan 400 kvadrat metrgacha mayolika koshinlari tayyorlanadi
18:15 / 2019-12-18

Mamlakatimizda chiqindidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish tajribasi ommalashmoqda. Bu faoliyat bilan mashgʻul tadbirkorlar davlatimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani yaxshi samara berayapti. Tashabbuskorlar xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib, oʻziga xos klasterlarni ishga tushirmoqda.


Mamlakatimizda chiqindidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish tajribasi ommalashmoqda. Bu faoliyat bilan mashgʻul tadbirkorlar davlatimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani yaxshi samara berayapti. Tashabbuskorlar xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirib, oʻziga xos klasterlarni ishga tushirmoqda.

Prezidentimizning 2018-yil 18-maydagi “Maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori avvalo ekologik xavfsizlikni taʼminlashga qulay sharoit yaratish, aholi punktlarining sanitariya holatini shakllantirishga toʻsqinlik qilayotgan ayrim muammolarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Maqsad maishiy chiqindilarni qayta ishlash tizimini yanada rivojlantirish, ekologik muammolarni hal etishdagi mavjud imkoniyatlarni ishga solishdir.

Chiqindilarni avvalgidek yoʻq qilish, axlatga tashlash yoki yoqib yuborish atrof-muhit va inson salomatligiga zarar yetkazishi mumkinligini koʻpchilik yaxshi biladi. Ularni qayta ishlash esa dolzarb boʻlgani uchun hududlarda shu yoʻnalishda samarali faoliyat yuritayotgan korxonalar safi ortmoqda. Eʼtiborlisi, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga ichki va tashqi bozorda talab yuqori. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha tizimli ishlar qilinmoqda.

photo5463245572594052012.jpg

Xususan, tizimdagi korxonalar bilan hamkorlikda joylarda chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalardan iborat kichik iqtisodiy zona tashkil etish va sohani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ana shunday korxonalardan biri Andijon shahrida faoliyat yuritayotgan “Eldaz-Design” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisoblanadi. Mazkur korxona 2018-yilda tashkil topgan boʻlib, shisha chiqindisi va kesilgan oyna qoldiqlaridan mayolika (koshin) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

MJCH rahbari Elmurod Azizov asli Toshkent shahridan. U Andijondagi 16 sotix yer uchastkasida korxona ochib, oʻz biznesini yuritishni niyat qilgan edi. Uning saʼy-harakatlari amalga oshib, 2018-yilda biznes rejasini Andijon viloyati hokimligi masʼullari qoʻllab-quvvatladi. Buning uchun tijorat bankidan imtiyozli kredit olishiga ham koʻmak berildi. Shu tariqa korxona tadbirkorning oʻz mablagʻi va tijorat banki imtiyozli krediti asosida ish boshladi.

Bugungi kunda korxonada 45 ish oʻrni yaratilgan boʻlib, unda ikki yuz turdan ziyod mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Xususan, qurilishda zarur boʻlgan mayolika koshinlari asosan katta basseyn, kichik suv havzalari, fontanlar atrofi, sport komplekslari, oshxona, hammom va devorlarni bezashda qoʻllaniladi. Hatto, polga ham toʻshasa boʻladi.

photo5463245572594052013.jpg

– Mayolika koshinlari butkul sof ekologik mahsulotdir, – deydi “Eldaz-Design” MJCH rahbari Elmurod Azizov. – Undagi barcha zaharli yoki zararli moddalar pechga solingandayoq yoʻq boʻladi. Yana mayolikani tayyorlashda maxsus sertifikatga ega ekologik toza xomashyo qoʻshimchalaridan ham foydalanamiz. Bir oyda oʻrtacha 150-200 tonna shisha sinigʻi qayta ishlanadi.

Korxona uchta liniyaga moʻljallangan boʻlib, hozirda faqat bitta liniya faoliyat koʻrsatmoqda. Kelajakda tashqi bozordagi eksport hajmining bosqichma-bosqich ortishi hisobiga yana ikkita liniya ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shunda bir oyda uchta liniyada jami 750 tonna shisha sinigʻi chiqindisidan tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.

Shisha siniqlari tayyor mayolikaga aylangunga qadar bir nechta bosqichdan oʻtadi. Dastlab, shisha siniqlari obdon tozalab yuviladi va bir sutka davomida quritiladi. Quritilgan shisha chiqindisi sharli (sharovoy) tegirmonga solinadi va yaxshilab maydalanadi.

Maydalangan shisha chiqindisi maxsus elak (vibrosito)dan oʻtkaziladi. Shundan soʻng xomashyo mikser – qorishtirgichga solinib, suv va rang bilan obdon aralashtiriladi. Aralashma maxsus shakl qoliplari (uchburchak, toʻrtburchak, romb, tomchi, yurakcha va h.k.)ga quyiladi. Shakl qoliplari pechkada 850 daraja issiqlikda toblab pishiriladi va bir sutka davomida sovutiladi.

photo5463324295049620407.jpg

Sovutilgan tayyor shakllar yigʻuv-teruv sexiga uzatiladi. Bu yerda shakllar maxsus qoliplarga bittalab terib-yigʻib chiqiladi. Bu jarayon faqat qoʻl mehnati asosida bajariladi. Tayyor boʻlgan mayolika sifat tekshiruvidan oʻtkaziladi. Bunda singan, cheti uchgan va boʻlaklarga boʻlingan shakllar aniqlansa, darhol butuniga almashtiriladi. Soʻnggi bosqichda esa tayyor mahsulot qadoqlanadi. Har bir qutiga joylashtiriladigan mayolika 1 kvadrat metrni tashkil etadi. 1 kvadrat metr mayolika esa 11 dona boʻlakni oʻz ichiga oladi. Qadoqlangan mahsulot omborga joylashtiriladi.

Bir kunda bitta liniyada qariyb 5 tonnagacha shisha chiqindisi qayta ishlanib, 100 kvadrat metrdan 400 kvadrat metrgacha tayyor mahsulot tayyorlanadi.

– Mahsulotimiz, koʻproq bozor rastalari va savdo doʻkonlariga chiqariladi, – deydi korxona maʼul xodimi, malakali texnolog Husniddin Ulugʻboboyev. – Biroq, maqsadimiz mahsulotimizni, asosan qoʻshni va xorij davlatlariga eksport qilishdir. Sababi ushbu koshinlarga xorijda ham talab yuqori boʻlmoqda. Korxonamiz bu yildan boshlab oʻz mahsulotlarini Rossiya, Belarus, Qozogʻiston kabi davlatlarga eksport qila boshladi.

Mazkur masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar tadbirkorlik subyekti sifatida iqtisodiyotimizga foyda keltirishi, qolaversa, atrof-muhit ifloslanishining oldini olishi, eng muhimi, aholi salomatligini saqlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Bugungi kunda mamlakatimizda hosil boʻlayotgan sanoat chiqindilarining 95 foizi saqlash va koʻmish uchun maxsus poligonlarga joylashtiriladi. Sanoat korxonalari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ularni qayta ishlash va utilizatsiya qilish ishlariga yetarli darajada eʼtibor berilmasa, atrof-muhitning sanoat chiqindilari bilan ifloslanishi yil sayin ortib boraveradi.