English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«5 tashabbus olimpiadasi»: Mahalla yoshlari orasida sport musobaqalarini ommalashtirish – sog‘lom va barkamol avlod kafolatidir
19:52 / 2022-04-10

Mamlakatimizda aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlar orasida jismoniy madaniyatni shakllantirish va yurtdoshlarimizning salomatlik darajasini oshirishga alohida e’tibor berilmoqda.

Bu bejiz emas. Chunki aholi o‘rtasida tuz, qand va yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan taomlar, shuningdek, non mahsulotlarini me’yoridan ortiq iste’mol qilish oqibatida ortiqcha vazn, yurak qon-tomir va boshqa kasalliklarga chalinish holatlari ko‘paymoqda.
Qolaversa, hamon dunyoni sarosimaga solayotgan koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, har tomonlama sog‘lom, immuniteti kuchli insonlarda ushbu kasallikka chalinish ehtimoli juda kam bo‘ladi yoki yuqadigan taqdirda ham asoratlari u qadar og‘riqli kechmaydi.

Shu bois davlatimiz rahbari aholining salomatligini mustahkamlashga har qachongidan jiddiy e’tibor qaratgan holda bu jarayonda asosiy vosita sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sport ekanligini bot-bot takrorlamoqda va buning uchun barcha sharoit yaratilmoqda.
Joriy yil 1 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan yig‘ilishda eng muhim va dolzarb vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, mahalla yoshlari o‘rtasida tashkil etiladigan musobaqalar sportning futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat-shashka, stol tennisi, stritbol hamda workout turlari bo‘yicha besh bosqichda o‘tkaziladi.
Birinchi bosqich 10-25 aprel kunlari ko‘chalararo o‘tkaziladi. Unda 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar saralash bosqichi g‘olibligi uchun musobaqalashadi. Ko‘chabay musobaqalar yakunida esa sport turlari bo‘yicha har bir mahallaning terma jamoasi shakllantirilib, ular keyingi bosqichda ishtirokini davom ettiradi.

Ikkinchi bosqich – 1-10 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda hududlardagi mahallalar o‘rtasida sektor musobaqalari tashkil etiladi.
Uchinchi bosqich – 15-25 may kunlari tashkil etiladi. Ya’ni, sektorlar bosqichida g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalari o‘rtasida tuman (shahar) bosqichi bo‘lib o‘tadi.
To‘rtinchi bosqich – 1-10 iyun kunlari tuman miqyosida g‘olib chiqqan mahalla jamoalari o‘rtasida hudud chempionligi hamda respublika bosqichi yo‘llanmasi uchun o‘tkaziladi.

Beshinchi bosqich – 15-25 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda hududlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan mahalla jamoalari o‘zaro musobaqalashadi.
«5 tashabbus olimpiadasi» sport musobaqalari doirasida 7-10 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida «Quvnoq startlar» musobaqasi hamda shaxmat-shashka bo‘yicha ham bahslar tashkil etiladi. Ushbu yosh toifasidagi musobaqalar mahalla bosqichi bilan yakunlanadi.

Musobaqalarga mahalla jamoalarining ishtirokini ta’minlash  MFY raislari, yoshlar yetakchisi va hududdagi umumta’lim maktabining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari zimmasiga yuklatilgan.
E’tiborli jihati, mazkur ommaviy musobaqalarda sport ta’lim muassasalarida muntazam shug‘ullanayotgan yuqori ko‘rsatkichga ega, unvon va razryadli sportchilarning ishtirok etishi taqiqlanadi. Bu ham mahalladagi iqtidorli yoshlarni saralab olishga katta yo‘l ochadi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra yurtimizda 30 yoshgacha doimiy aholi soni 19 million 902 ming 427 nafarni tashkil etgan. Bu umumiy aholining qariyb 60 foizi degani.
Yoshlarimizni har bir tuman va shaharda mavjud bo‘lgan sport-ta’lim muassasalarida bir vaqtning o‘zida qamrab olish imkoniyati mavjud emas. Sport maktablarining har biri o‘rtacha 1 000 - 1 500 nafar sportchi-yoshlarga xizmat ko‘rsatishi mumkin, xolos.
Respublikamizdagi mavjud 279 ta bolalar-o‘smirlar sport maktabida bugungi kunda 10,7 ming nafar trener yoshlarga saboq berib keladi. Shuningdek, yurtimizdagi 10 ming 130 ta umumta’lim maktabida 32 ming nafar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi faoliyat olib borishmoqdaki, ular mahalla yoshlari orasida ommaviy sportni keng targ‘ib etishda zarbdor kuchga aylanadi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yangi tizim – yoshlarni sport bilan qamrab olishni mahalladan boshlashning zamirida katta ma’no mujassam. Tan olish kerak, bugun yurtimizda sport ta’lim muassasalari yetarli emas. Ba’zi tumanlarda yoshlar sport bilan shug‘ullanishi uchun markazda joylashgan bolalar-o‘smirlar sport maktabiga 30-40 , hattoki 50 kilometr masofadan qatnashiga to‘g‘ri keladi. Bunday vaziyatda sportni sevadigan, ta’bir joiz bo‘lsa yuksak iqtidorga ega o‘smir yoki qiz muntazam sport bilan shug‘ullana oladimi? Albatta yo‘q. Shu bois davlatimiz rahbari mahallalarda yoshlar sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun yetarli sharoit, infratuzilma yaratishga jiddiy e’tibor qaratmoqda. 
Yangi tizimga ko‘ra, ommaviy sportni faol targ‘ib etishga hissa qo‘shgan namunali mahallalar hududiga Sportni rivojlantirish vazirligi hisobidan Workout maydonlari qurib beriladi. Bu, o‘z navbatida, o‘sha hudud yoshlarining sport bilan yanada yaqinroq bo‘lishiga xizmat qilib, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishda muhim mezonga aylanadi.
Ishonamizki, bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikka yoshlarimiz «labbay» deb javob bergan holda Yangi O‘zbekiston bayrog‘ini yanada yuqorilarga ko‘taradi va yurtimiz sha’ni-shavkatini ulug‘lashga munosib hissa qo‘shadi.

Otabek ESHMAMATOV,
Sportni rivojlantirish vazirligi
matbuot xizmati xodimi.
O‘zA