Qatar poytaxti Dohada shaxmatning blits va rapid yo‘nalishi bo‘yicha o‘tayotgan FIDE jahon chempionatining dastlabki tur o‘yinlari ortda qoldi.
Rapid yo‘nalishining ochiq musobaqalarida 5 ta, ayollar o‘rtasida esa 4 ta tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning eng kuchli 396 nafar shaxmatchisi qatnashayotgan ochiq turnirning birinchi kungi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Javohir Sindorov o‘tkazilgan 5 ta turning 3 tasida g‘alabaga erishdi va 2 tasida durang natija qayd etdi va 4 ochko bilan 247 nafar ishtirokchi orasida qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 13-o‘rinni band etib turibdi.

Mamlakatimizning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov esa 5 ta turda 3 ta g‘alaba, 1 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat hisobiga 3,5 ochkoga ega bo‘lib turibdi. Xuddi shuningdek, 2 ta g‘alaba, 3 ta durangga erishgan Muhiddin Madaminov hisobida ham 3,5 ochko mavjud.
Ochiq musobaqalarda qatnashayotgan yurtimiz shaxmatchilaridan Jahongir Vohidov, Humoyun Bekmurodov, Shamsiddin Vohidov hisobida 2,5 ochko bor, Muhammadzohid Suyarov 5 ta o‘yinda 1 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.

Musobaqada Magnus Karlsen, Arjun Erigaisi, Maksim Vashe-Lagrav, Domaraju Gukesh, Vladislav Artemev 4,5 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
Ayollar guruhida 141 nafar ishtirokchi orasida dona surayotgan shaxmatchi qizlarimizdan Afruza Hamdamova 4 ta turning 3 tasida g‘alaba, 1 tasida mag‘lubiyat qayd etdi. Gulruhbegim Tohirjonova, Guldona Karimova, Umida Omonova 2 ochko bilan, Madinabonu Xalilova 1,5 ochko va Nilufar Yoqubboyeva esa 0,5 ochko bilan chempionat bahslarini davom ettirmoqda.

Bugun, 27 dekabr kuni rapid bahslarining ochiq musobaqalarida 6-9-tur uchrashuvlari, ayollar bahsida 5-8-tur musobaqalari o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatining rapid yo‘nalishi g‘olib va sovrindorlari 28 dekabr kuni aniqlanadi. Chempionat 31 dekabrga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA