Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
5 ming 153 ta xaridlarda qonunbuzilish holatlari aniqlangan – Raqobat qo‘mitasi
14:09 / 2024-07-19

AOKAda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Otabek Usmonov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 2024 yilning yanvar-iyun oylari davomida davlat buyurtmachilari tomonidan tovar, ish, xizmat va qurilish sohalarida o‘tkazilgan boshlang‘ich qiymati 6,065 trillion so‘mlik 9 ming 322 ta tanlov (tender) savdolari yuzasidan tahlillar olib borgan. Buning natijasida 5 ming 153 ta savdo jarayonida 6 ming 611 ta raqobatga zid harakatlar aniqlandi.    

Qo‘mita tomonidan jami 5 ming 153 ta xaridlarda qonunbuzilish holatlari aniqlangan bo‘lib, shundan 3 ming 423 tasi huquqni muhofaza qilish organlariga vakolat doirasida choralar ko‘rish bo‘yicha taqdim etilgan. 157 ta xaridlardagi qonunbuzilishlar buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilgan.  Shuningdek, 1  ming 573 ta xarid yuzasidan 562 ta ish qo‘zg‘atilib, tegishli choralar ko‘rilgan. Davlat xaridlarida qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan 535 ta mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan.    

Mutaxassisning ta’kidlashicha, Qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlar o‘rganilganda O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilgani aniqlandi.  

Jumladan, “Biznesni rivojlantirish banki” ATBning boshlang‘ich qiymati 7 milliard 800 million so‘mlik axborotlashtirish qurilmalarini yetkazib berish bo‘yicha tanlov savdosi e’lon qilingan. Mazkur tanlov savdosida  qonunchilik talablari buzilgan deb topilib, Qo‘mitaning tegishli qaror va ko‘rsatmasi berilgan.  

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning hududiy filiallari jumladan, Toshkent shahar hududiy filiali tomonidan 2024 yil 7 fevralda e’lon qilingan boshlang‘ich qiymati 6 milliard 400 million so‘mlik “Transformatorlarni ta’mirlash xizmatlari” uchun hamda Jizzax viloyati hududiy filiali tomonidan esa boshlang‘ich qiymati 1 milliard 575 million so‘mlik o‘tkazilgan tanlov savdolarida ham qonunchilik talablari buzilgan deb topilgan va buyurtmachiga tanlov savdolari natijasi bekor qilinishi bo‘yicha Raqobat qo‘mitasining tegishli ko‘rsatmasi berilgan.  

Ftiziatriya va pulmonologiya tibbiy reabilitatsiya markazining 2024 yil 6 fevralda e’lon qilingan “Shifoxonada davolanayotgan bemorlarga tayyorlanadigan parhez taomlarni tayyorlash uchun autsorsing xizmati” bo‘yicha 1 milliard so‘mdan ortiq tender savdolarida qonunbuzilish aniqlangan va uni bekor qilish bo‘yicha ham Qo‘mitaning tegishli ko‘rsatmasi berilgan.  

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA