Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
5-kon boshqarmasi tomonidan 2026 yilga qadar 5 ta yirik kon o‘zlashtiriladi
10:34 / 2021-05-27

Navoiy kon metallurgiya kombinati Matbuot markazi tomonidan OAV vakillari va jurnalistlar ishtirokida 5-kon boshqarmasi faoliyati yuzasidan press-tur tashkil etildi.

– 5-kon boshqarmasi faoliyati yo‘lga qo‘yilganiga 50 yil to‘ldi, – deydi NKMK bosh direktori matbuot kotibi – axborot masalalari siyosati bo‘yicha maslahatchisi Abdumajid Jo‘rayev. – Bu yerda 25 millat vakillaridan iborat qariyb 5 ming kishi faoliyat olib boradi. 1993 yilda esa boshqarma Navoiy kon metallurgiya kombinati tarkibiga kiritilgan. Sohaga zamonaviy texnologiyalar, ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlari, innovatsion ishlanmalar izchil tatbiq etilishi mahsulot ishlab chiqarish ko‘lamini yanada oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish, sarf-xarajatlarni qisqartirish imkonini bermoqda. Natijada tayyor mahsulot ishlab chiqarish 4 barobarga, burg‘ilash hajmi qariyb 9 barobarga, mahsuldor eritmalarni qayta ishlash miqdori 8 barobarga, ammoniy preparati ishlab chiqarish esa 7 barobarga oshdi.

Dastlab ishtirokchilar boshqarma ta’mirlash-mexanika sexiga tashrif buyurdi. Bu yerda ular burg‘ilash uskunalari va cho‘ktirma nasos qurilmalari uchun ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, dvigatellarni ta’mirlash jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Ta’kidlanishicha, 2021 yilda sexda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish dasturi doirasida burg‘ilash uskunalari hamda elektr cho‘ktirma nasos qurilmalari uchun 743 million so‘mlik 52 turdagi ehtiyot qismlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, yil boshidan buyon 49 turdagi mahsulot ishlab chiqarildi.

[gallery-2561]

– Bu yerda 3 yildan buyon faoliyat olib bormoqdaman, – deydi sex elektr jihozlarini ta’mirlash bo‘yicha elektromontyori Shohsanam Boliyeva. – O‘zim Navoiy davlat konchilik institutini tamomlaganman. Bu kasbning sir-asrorlarini “Ustoz-shogird” tamoyili asosida Dildora Toshniyozovadan o‘rganganman. Asosiy vazifam yaroqsiz holga kelib qolgan dvigatellar sxemasini ochib, simlarini mikrometr asbobi yordamida o‘lchagan holda qanday o‘lchamdagi qancha sim ketishini aniqlab, alohida daftarga yozib olaman. Keyin maxsus apparat yordamida sim o‘rab olaman va qo‘l yordamida dvigatelni ta’mirlayman. Seximizda faoliyat olib borishimiz uchun barcha sharoit yaratib berilgan.

Navbatdagi manzil “Yangi hayot” sog‘lomlashtirish majmuasi bo‘ldi.  

Bu yerda Zafarabod qo‘rg‘oni aholisi va boshqarma ishchi-xodimlari, ularning farzandlari shug‘ullanadi. Majmuada san’at va madaniyat yo‘nalishida 7 ta, sport yo‘nalishida 12 ta to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Press-tur doirasida “Yoshlik” madaniyat va sport markazida OAV vakillari va jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda 5-kon boshqarmasi boshlig‘i Valijon Nazarov korxona faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi.

– Hozirda kon boshqarmasi tarkibida 4 ta geotexnologik konlari mavjud bo‘lib, ular tomonidan 14 ta kon zaxirasida qazib olish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi V.Nazarov. – Shuningdek, 2026 yilga qadar yana 5 ta yirik konlarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Mahalliylashtirish dasturi doirasida joriy yilda 7,1 milliard so‘mdan ortiq AR-O markali ammoniy preparati, uran oksidini qayta ishlovchi texnologik qurilmalar va yangi tipdagi burg‘ilash uskunalari uchun 6 turdagi tayyor mahsulot ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan bo‘lib, yil boshidan buyon 5 turdagi tayyor mahsulot ishlab chiqarildi.

Korxonada sanoat va ijtimoiy soha ob’ektlarining foydalanishga topshirilishi, yangi quvvatlarning o‘zlashtirilishi natijasida 300 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Ishchi-xodimlar uchun namunaviy loyihalar asosida 10 ta kottej bunyod etildi. Zarafshon shahridagi bo‘sh turgan bino 42 nafar yosh mutaxassis va ular oilasi uchun namunaviy uy-joyga aylantirildi. 2020 yilda Zafarobod qo‘rg‘onidan 110 kilometr uzoqlikda joylashgan “Jingeldi” sanoat maydonida 120 ta o‘ringa mo‘ljallangan ishchilar qo‘rg‘oni barpo etildi.

Korxona ishchi-xodimlari, mehnat faxriylari va ularning farzandlari uchun “Metallurg”, “Konchi”, “NKMK”, “Nurobod”, “Zarafshon” sanatoriylari, “To‘dako‘l” dam olish zonasi, Urgut tumanida “Kelajak” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, 5-tibbiy-sanitariya qismi ham ular xizmatida.

Kon boshqarmasi xodimlarining mehnati davlatimiz tomonidan munosib rag‘batlantirib kelinmoqda. O‘tgan yillar mobaynida ularning 10 nafari davlatimizning yuksak mukofotlari, 141 nafari turli darajadagi “Konchilar shuhrati” ko‘krak nishoni va 194 nafari “NKMK faxriysi” unvoni bilan taqdirlangan.

– Bugun korxona faoliyati, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdik, – deydi O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Otabek Aslonov. – Bu yerda ish olib borayotgan ishchilar bilan suhbatlashdik. Ish jarayonini ko‘zdan kechirdik. Haqiqatda korxonada ulkan ishlar amalga oshirilgan. Albatta, bu yutuqlarning zamirida korxonada faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarning mehnatini alohida e’tirof etish kerak. Kelgusida korxona faoliyati, Zafarobod qo‘rg‘onida aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash borasida olib borilayotgan islohotlar o‘z natijasini beradi.

Matbuot anjumanida OAV vakillarining savollariga atroflicha javob qaytarildi.

 

Bo‘riyev Abduvali, Siroj Aslonov (surat), O‘zA