2014-yilda aynan Braziliya mezbonligida o‘tgan Jahon chempionatida Germaniyadan (7:1) qabul qilib olingan.
2026-yilning yozida AQSH, Meksika va Kanada yashil maydonlari futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Turnirning "C" guruhidan Braziliya, Gaiti, Marokash va Shotlandiya terma jamoalari joy olgan.
Braziliya terma jamoasi
Braziliya terma jamoasi 1916-yildan boshlab Konmebolga, 1923-yildan esa FIFAga a’zo hisoblanadi. Jamoa o‘zining ilk rasmiy uchrashuvini Buenos-Ayresda Argentinaga qarshi o‘tkazgan va yirik 3:0 hisobida mag‘lub bo‘lgan. Braziliya o‘zining eng yirik g‘alabasiga 1975-yilda erishgan. O‘shanda "sariq-yashillar" Nikaragua ustidan 14:0 hisobida zafar quchgan. Eng yirik mag‘lubiyat esa dastlab Urugvaydan (6:0) keyinchalik esa 2014-yilda aynan Braziliya mezbonligida o‘tgan Jahon chempionatida Germaniyadan (7:1) qabul qilib olingan. Terma jamoa ayni vaqtda FIFA reytingida 5-pog‘onani band etib turibdi. "Penta-kampeonlar" 5 karra Jahon chempionati va 9 karra Kopa Amerika chempioni hisoblanadi.

Jahon chempionatidagi ishtiroki
Braziliya milliy terma jamoasi barcha Jahon chempionatlarida ishtirok etgan yagona jamoa hisoblanadi. Ular shu vaqtgacha 22ta mundialda qatnashgan. 5 marta Jahon kubogini boshi uzra baland ko‘targan. Jamoa 1958-1962-1970-yillardagi mundiallarda Pele yetakchiligida Jahon chempionligini tantana qilgan. Pele hozirgacha 3 marta JCH g‘olibligini qo‘lga kiritgan yagona futbolchi hisoblanadi..

1994-yilda AQSH mezbonlik qilgan mundialda ham Braziliya terma jamoasi zafar quchgan. So‘nggi chempionlik esa 2002-yil Yaponiya va Janubiy Koreya hamkorligida o‘tkazilgan mundialda qo‘lga kiritilgan. O‘sha finalda Braziliya Germaniyani 2:0 hisobida mag‘lub etib, chempion bo‘lgan. Osiyo qit’asida o‘tgan mundialda "penta-kampeonlar"ning super hujum uchligi Ronaldo, Ronaldino va Rivaldo katta sahnaga chiqqan.

Braziliya Jahon chempionatlarida umumiy 114ta uchrashuv o‘tkazib, ularning 76tasida g‘alaba qozongan, 19tasida murosa ko‘chasi tanlangan bo‘lsa, yana 19tasida mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan.
Eng yaxshi futbolchilari
Braziliya terma jamoasi tarixida eng ko‘p uchrashuvda maydonga tushgan futbolchi "Milan" afsonasi va terma jamoa sobiq sardori Kafu hisoblanadi. Fulbek 142ta uchrashuvda terma jamoa libosida maydonga chiqqan. Undan keyingi o‘rinlarda Neymar (128), Roberto Karlos(127) va Dani Alves(126) bormoqda. Ayni vaqtda terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar esa Neymar sanaladi. "Santos" yulduzi shu kungacha Braziliya terma jamoasi uchun 79ta gol urgan. Futbol qiroli Pele o‘z hisobiga 77ta gol yozdirib qo‘ygan va u ikkinchi pog‘onadan joy olgan.

Eslatib o‘tamiz, Braziliya terma jamoasi Jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini 13-iyun kuni Marokashga qarshi o‘tkazadi. 2-turda esa 19-iyun sanasida Gaitiga qarshi maydonga tushadi. So‘nggi turda 24-iyunda Shotlandiya bilan kuch sinashadi.