Yer — davlat mulki. Darhaqiqat, u umummilliy boyligimiz hisoblanadi. Shu bois yerdan unumli, samarali va belgilangan maqsadda foydalanish har bir fuqaroning burchidir. Ammo yer qonunchiligiga oid keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilayotganiga qaramasdan, ayrim holatlarda yerlarni noqonuniy egallash va ruxsatsiz qurilish ishlari davom etmoqda.
Kadastr agentligining Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan joriy yil boshidan buyon o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida jami 5 448 ta yerga oid huquqbuzarlik holatlari aniqlandi. Eng ko‘p qonunbuzilish holatlari Paxtakor tumanida (661 ta), G‘allaorol tumanida (557 ta), Arnasoy tumanida (533 ta), Do‘stlik tumanida (492 ta) va Jizzax shahrida (489 ta) qayd etildi.

Nazorat tadbirlari natijasida tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan 492,9 gektar maydondagi 5 448 ta noqonuniy holat aniqlandi. Jumladan, 2 690 ta holatda (343,1 gektar) o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlari olib borilgan bo‘lib, shundan 1 168 ta holatda (276,7 gektar) tomorqa sifatida, 1 378 ta holatda (16,3 gektar) noturar joy binolari qurilgan. Shuningdek, 9 ta holatda (1,7 gektar) ko‘p yillik daraxtzorlar barpo etilgan, 1 ta holatda (5 gektar) baliq hovuzi tashkil qilingan, 1 370 ta holatda (126,8 gektar) yer maydonlaridan belgilangan maqsadga zid ravishda foydalanilgan.

Tahlillarga ko‘ra, noqonuniy egallab olingan yerlarning 651 ta holati (281,7 gektar) qishloq xo‘jaligi yerlariga, 3 798 ta holati (75 gektar) aholi punktlari yerlariga, 154 ta holati (25,8 gektar) sanoat, transport va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlarga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, o‘rmon fondi, suv fondi, zaxira yer fondi hamda tabiat va tarixiy-madaniy ahamiyatga ega yerlar bo‘yicha ham qonunbuzilish holatlari qayd etilgan.
Aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarga noqonuniy egallab olingan yerlarni qaytarish hamda qurilmalarni bartaraf etish bo‘yicha majburiy yozma ko‘rsatmalar berildi. Natijada 325,2 gektar maydondagi 4 105 ta holat ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi.

Ixtiyoriy bartaraf etilmagan holatlar bo‘yicha 46 ta material prokuratura organlariga, 772 ta holat yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritildi. Shuningdek, 862 ta holatda yerlardan maqsadsiz foydalanish masalasi bo‘yicha tuman hokimliklariga taqdimnomalar yuborildi.
Qonunbuzarlik sodir etgan 2 931 nafar shaxsga jami 44 milliard 761 million so‘mlik jarima tayinlanib, shundan 4 milliard 244 million so‘mi undirildi. Ixtiyoriy to‘langan jarimalar uchun 1 milliard 27 million so‘mlik imtiyoz qo‘llanildi. 299 ta holatda 11 milliard 331 million so‘mlik jarimalarni majburiy undirish uchun Majburiy ijro byurosiga yuborildi. Qolgan 1 089 ta holat bo‘yicha 28 milliard 173 million so‘mlik jarimalarni undirish choralari ko‘rilmoqda.
Shu o‘rinda Kadastr agentligining Jizzax viloyati boshqarmasi fuqarolarni yer qonunchiligi talablariga qat’iy rioya etishga, noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirmaslikka, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olmaslikka hamda qonuniy egalik huquqi mavjud bo‘lgan taqdirda uni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘z vaqtida o‘tkazishga chaqiradi.
N. Siddiqov,
Kadastr agentligi Jizzax
viloyati boshqarmasi boshlig‘i
O‘zA