French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“5+1” formatidagi platforma parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlaydi
15:02 / 2024-10-14

Bugun, 14-oktyabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida “Tinchlik, farovonlik va o‘zaro ishonch yo‘lida hamkorlik” mavzusida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Parlament axborot markazi xabar berdi.

Parlamentlararo hamkorlikning “5+1” formatidagi mazkur platformadan ko‘zlangan asosiy maqsad – mamlakatlar parlamentlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali muloqotni yanada mustahkamlashga yangi sur’at va mazmun berishdan iborat.  

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi parlamentlari Spikerlarining birinchi yig‘ilishi 2023 yil 19 sentyabrda Koreya Respublikasining poytaxti Seul shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Yig‘ilishda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri U Von Shik, Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi raisi Yerlan Koshanov, Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi Nurlanbek Shakiyev, Tojikiston Respublikasi Oli Majlisi Namoyanadagon Majlisi raisi Maxmadtoir Zokirzoda, Turkmaniston Majlisi raisi Dunyagozel Gulmanovalar, shuningdek, qonun chiqaruvchi organlar vakillari qatnashmoqda.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida delegatsiya rahbarlari, jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov ma’ruza qildi. Ma’ruzada o‘tgan yili Seul shahridagi birinchi uchrashuv va bugungi forum ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish, aniq, amaliy natijalarga erishishga qaratilgan umumiy intilishimizni yana bir bor tasdiqlashi ta’kidlandi. Shuningdek, ushbu tadbirda ilgari suriladigan tashabbuslar davlatlarimiz rahbarlari tomonidan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga kuchli omil baxsh etishi va hamkorligimizni yangicha mazmun bilan boyitishi qayd etildi.

Mamlakatimiz parlament delegatsiyasining mazkur tashrifi doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova tayyorladi.