Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
49-ijodiy mavsum boshlandi
17:27 / 2023-09-20

Sirdaryo viloyati Musiqali drama teatrida yangi 49-mavsumning ochilish marosimi bo‘ldi. Unda teatr ixlosmandlari, ijodkorlar, OAV xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilganlarga o‘tgan 48-teatr mavsumi mobaynida amalga oshirilgan faoliyat, erishilgan yutuqlar, sahnalashtirilgan yangi asarlar haqida qisqacha ma’lumotlar berildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar teatr jamoasiga yangi mavsumda ijodiy zafarlar tiladi.

Sirdaryoda professional teatr 1975 yilda ish boshlagan. 1984 yilda viloyat teatrining hozirgi muhtasham binosi foydalanishga topshirilgan. 2017-2019 yillar mobaynida esa bino to‘liq rekonstruksiya qilindi.

E’tirof etish lozimki, teatr binosi ta’mirlash va jihozlashdan so‘ng mamlakatimizdagi tengi yo‘q san’at koshonalaridan biriga aylandi. Teatrning katta zali 550 o‘ringa ega. Shu bilan birga ikkita kichik zali 80 tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, ularda turli tadbirlarni o‘tkazish mumkin.

Barcha qulayliklarga ega bo‘lgan binoda ijodkorlar yanada sermahsul, badiiy jihatdan yuksak saviyadagi spektakllarni sahnalashtirib, tomoshabinlar e’tiboriga havola etib kelmoqda.

Viloyat teatri jamoasi yangi mavsumni katta tayyorgarlik bilan boshladi. Jamoa repertuaridan turli janrlardagi 25 dan ziyod spektakl o‘rin olgan. Tomoshalar sirdaryolik mehmon va mezbonlarga manzur bo‘lishi uchun teatr jamoasi astoydil mehnat qilmoqda.

Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri