Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
4,8 trln so‘mlik hujjatlar ijrosi ta’minlandi
18:46 / 2026-02-04

Majburiy ijro byurosining Sirdaryo viloyat boshqarmasida 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar natijalari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda byuroning viloyat boshqarmasi rahbariyati, mas’ul xodimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi va hududiy bo‘limlari tomonidan yil davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, tizimni yanada takomillashtirishga qaratilgan rejalar hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mazkur anjumanda ta’kidlanganidek, 2025 yilda amalga oshirilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida jami 4 trln 890 mlrd so‘mga teng bo‘lgan 376 mingdan ortiq ijro hujjatlarining ijrosi ta’minlandi. Bu esa ijro intizomini mustahkamlash, fuqarolar va tashkilotlar huquqlarini himoya qilish borasida amaliy natijalarga erishilayotganidan dalolat beradi.

Xususan, davlat foydasiga 1 trln 9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ amalda undirib berilgan. Ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalariga 99 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirildi.

Voyaga yetmagan shaxslar manfaatlarini ta’minlash doimiy e’tibor markazida bo‘lib, hisobot davrida ular foydasiga 67 mlrd so‘mdan ortiq aliment mablag‘lari undirildi. Shuningdek, aliment undiruvi bilan bog‘liq 2 847 ta oilani yarashtirishga erishilgan bo‘lsa, 959 nafar ishsiz aliment to‘lovchi qarzdorlar ish bilan ta’minlandi.

Iqtisodiy sub’ektlar bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha ham sezilarli natijalar qayd etildi. Jumladan, banklar foydasiga 281 mlrd so‘m, elektr va gaz ta’minoti korxonalari foydasiga 44 mlrd so‘m, boshqaruv servis kompaniyalari foydasiga esa 1,7 mlrd so‘m qarzdorliklar amalda undirildi.

Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishida ham tizimli yondashuv yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yil davomida byuro organlariga kelib tushgan 9 319 ta murojaat ko‘rib chiqilib, ularning 6 034 tasi qanoatlantirildi.

Anjumanda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ijro jarayonlarini raqamlashtirish, elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, shuningdek, korrupsiya omillarini bartaraf etish, shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan mexanizmlar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan berilgan savollarga mas’ullar tomonidan atroflicha javoblar berildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri