Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
48 ming nafardan ortiq yoshning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi
10:03 / 2026-01-10

So‘nggi yillarda mamlakatimizda voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishga alohida e’tibor berilmoqda.

Shunday bo‘lsada, ular orasida qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, bezorilik, o‘g‘rilik, giyohvand moddalar iste’mol qilish yoki sotish bilan bog‘liq og‘ir jinoyatlar ham uchrab turadi.

Voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha dasturiy prinsiplarga ko‘ra, o‘smir bolalar tarbiyasi va himoyasi bilan nafaqat huquqni muhofaza qilish organlari, balki oila, ijtimoiy institutlar, maktab, mahalla va yoshlar tashkilotlari ham shug‘ullanishi kerak.

Shunga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi va qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy xavfli holatga tushib qolgan yigit-qizlarni hayotga qaytarish hamda ularda Vatanga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar qilinmoqda. 

Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, tarbiyasi og‘ir 51 ming 455 nafar yosh 6 ta huquq-tartibot va mudofaa organlarining 4 ming 155 nafar mas’ul xodimiga otaliqqa biriktirildi. Olib borilgan individual ishlar va muntazam uchrashuvlar natijasida 48 ming 747 nafar yosh sog‘lom hayot tarziga qaytarilib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.

Manzilli yondashuv doirasida erishilgan muhim natijalar quyidagilardan iborat:

Jumladan, 22 ming 931 nafar yosh xulq-atvori ijobiy tomonga o‘zgargani sababli otaliqqa olgan mas’ullarning kafilligi asosida muddatidan avval probatsiya va profilaktika hisobidan chiqarildi. 

Mahalla raislari bilan hamkorlikda 4 ming 504 nafar dars qoldirayotgan o‘quvchi yana ta’lim jarayoniga qaytarildi.

Ajrim yoqasida turgan 2 ming 370 ta yosh oila bilan olib borilgan ishlar natijasida ularning hayoti tiklandi.

Profilaktika inspektorlari ishtirokida 1 ming 754 nafar yosh giyohvandlik va yot g‘oyalar ta’siridan qaytarildi. O‘tkazilgan vatanparvarlik tadbirlari orqali ularning 709 nafari harbiy xizmatga yo‘naltirildi. Hokim yordamchilari bilan hamkorlikda 4 ming 739 nafar yoshning bandligi ta’minlandi, 815 nafari esa tartibli mehnat migratsiyasiga yuborildi.

Yoshlarda jismoniy chidamlilik va Vatanga sadoqatni mustahkamlash maqsadida “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqalari tashkil etildi. 

Ushbu tadbirlar orqali 284 ming nafar mahalla yoshlari qamrab olindi. Shuningdek, mahallalarda o‘tkazilgan harbiy-vatanparvarlik tadbirlari va harbiy qismlardagi “Jasorat” yig‘inlari natijasida 14 ming 388 nafar yosh harbiy xizmatga saralab olindi.

Jazoni ijro etish muassasalaridagi 9 ming 240 nafar yosh mahkum bilan ham uchrashuv va muloqotlar tashkil etildi. Natijada ularning 5 ming 147 nafari kasb-hunarga, 1 ming 648 nafari xorijiy tillarni o‘rganishga hamda 8 ming 496 nafari foydali mehnat faoliyatiga jalb etildi.

Ko‘rilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida o‘tgan 11 oyda yoshlar jinoyatchiligi 17 foizga kamaydi.

Shu bilan birga, 4 ming 388 ta mahalla “yoshlar jinoyatchiligidan xoli hudud” maqomiga ega bo‘ldi. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilda 3 ming 643 ta mahallani tashkil etgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bolalar va o‘smirlar asosan 25 yoshdan keyin to‘liq rivojlanadi. Jinoyat sodir etgan o‘smirlarning 80 foizida ular ulg‘aygach ijobiy xarakter shakllanib, jinoyat yo‘lidan qaytgani aniqlangan.

Tahlillarda ko‘rsatilishicha, jinoyati uchun hukm qilingan o‘spirin ko‘p hollarda nosog‘lom muhitda tarbiya topgan bo‘lib chiqadi. Ularning 30 foizdan ortig‘i ota-onasiz yoki to‘liqsiz oilada o‘sgan. 

Shuningdek, ota yoki onaning jinoyat yo‘liga kirishi bolaning ham shu yo‘ldan borishiga turtki bo‘luvchi asosiy omillardan biri sanaladi.

O‘smirlar orasida jinoyatchilikning ko‘paymasligi uchun oiladagi muhitni yaxshilash, maktab va mahallada tartib-intizomga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish muhim hisoblanadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA