Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 29 sentyabrdagi “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlarini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi muassasalarining qo‘shimcha haq to‘lanadigan xodimlarining lavozimlari ro‘yxati, qo‘shimcha haqning turlari va miqdorlari”ning ijrosi yuzasidan monitoring o‘tkazildi.
Monitoring jarayonida 2020 yilda maktablar, barcha tur va nomdagi maktab-internatlar kutubxonachilariga Mirzaobod tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan 21 768 120 so‘m, Oqoltin tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan 11 880 554 so‘m qo‘shimcha ustama pullari to‘lab berilmaganligi aniqlandi.
Vaholanki, hujjatlarga ko‘ra, maktablar, barcha tur va nomdagi maktab-internatlar, o‘rta maxsus va hunar-texnika o‘quv yurtlari kutubxonachilariga yoki boshqa xodimlarga darsliklarning kutubxona fondi bilan shug‘ullanganliklari uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3,6 foizi miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanishi hamda keyingi har bir 1500 nusxa darsliklar uchun 5 foiz, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10,6 foizidan miqdorda ko‘p bo‘lmagan qo‘shimcha haq to‘lanishi belgilangan.
Shunga ko‘ra, Adliya boshqarmasi tomonidan mazkur qonunbuzilish holatini bartaraf etish yuzasidan Mirzaobod hamda Oqoltin tuman xalq ta’limi bo‘limlariga taqdimnoma kiritildi.
Ko‘rilgan ta’sir chorasiga asosan, o‘z xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan mas’ul xodimlarga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Shuningdek, Mirzaobod tuman xalq ta’limi bo‘limi tizimida faoliyat yuritgan 27 nafar kutubxonachiga 21 768 120 so‘m, Oqoltin tumani umumta’lim maktablarining 20 nafar kutubxonachisiga 11 880 554 so‘m miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanishi ta’minlandi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA