Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
46,5 mingdan ziyod oila kambag‘allikdan chiqarildi
16:54 / 2025-12-31

Andijon viloyatida ham oilalar daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Joriy yil avvalida viloyatda kambag‘allik darajasi 9,5 foizni, kambag‘al oilalar soni esa 72 ming 440 tani tashkil etgan. O‘tkazilgan so‘rovnoma hamda “mahalla yettilik”lari xulosalariga ko‘ra, 63 ming 864 ta oila “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritildi. Belgilangan chora-tadbirlar asosida yil yakuniga qadar kambag‘allik darajasini 6,6 foizgacha pasaytirish rejalashtirilgan.

Viloyatda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida olib borilgan ishlar samarasi o‘laroq, bu borada salmoqli natijalarga erishildi.

Joriy yilning o‘n bir oyi davomida 30 ming 390 ta kambag‘al oiladagi 139 ming 223 nafar aholini daromadli ish bilan band qilish belgilangan. Amalda esa 46 ming 510 ta oiladagi 202 ming nafar aholini daromadli ish, kasb-hunar bilan band qilish bo‘yicha 87 ming 568 ta xizmatlar ko‘rsatildi. Jumladan, 35 ming 606 nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga joylashtirildi, 9 ming 360 nafar fuqaroga imtiyozli kredit ajratildi, shuningdek, 36 ming 668 nafar aholi tadbirkorlikka jalb etildi, 5 ming 904 nafar kishi kasb-hunarga o‘qitildi.

Masalan, Baliqchi tumanidagi “Botir” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Ro‘zixon Qambarovaning 4 nafar voyaga yetmagan  farzandi bo‘lib o‘zi ishlamas, turmush o‘rtog‘i ham mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanar edi. Oilaning o‘rtacha oylik daromadi 2 million 100 ming so‘mni tashkil etgan. Natijada ushbu oila “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan.

[gallery-26982]

Bu oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Oila bekasi Ro‘zixon Qambarovaga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 33 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Kredit hisobiga turmush o‘rtog‘i savdo do‘koni tashkil etib, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunga kelib ushbu oila oyiga o‘rtacha 5 - 5,5 million so‘m daromad topmoqda.

Shahrixon tumani “Yangi mahalla” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Durdona Adilova yil boshida “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan. Unga “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida 10 million so‘m imtiyozli kredit ajratilib, mazkur mablag‘ hisobiga o‘z xonadonida non va non mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, biriktirilgan rahbar va hokim yordamchisi tomonidan uning oilasiga qora mol berildi, tomorqasining 1 sotix maydoniga issiqxona qurib berildi. Oyiga 6-7 million so‘m daromad topa boshlagan ushbu oila bugungi kunga kelib reyestrdan chiqarildi.

Fuqarolar bandligini ta’minlash, oilalarning doimiy daromad manbaini shakllantirishga qaratilgan yuqoridagi kabi misollarni juda ko‘p keltirish mumkin.

Umuman, viloyatda kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasida joriy yil yakuni bilan kambag‘allik darajasi 3 foizga tushirilishi ko‘zda tutilmoqda.

F.  Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari