Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, jamiyatga yangi qadam qo‘yayotgan yoshlarni ish bilan band qilish masalalariga davlat siyosati darajasida ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada mahalla tizimidan boshlab qator amaliy sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Natijada shu yil boshidan ishsizlik 4,9 foizga tushdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi fraksiyalari hamda Kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlarning holatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi hamkorligida o‘tkazilgan “Kasbiy ta’lim sifatini oshirish — yoshlar bandligini ta’minlashning muhim omili” mavzusidagi davra suhbatida ushbu yo‘nalishdagi ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Deputatlar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilari, Parlament tadqiqotlari instituti xodimlari, Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etgan tadbirda quyi palata Spikeri o‘rinbosari Mavluda Xo‘jayeva mamlakatimizda yoshlar bandligini ta’minlash borasidagi islohotlarga to‘xtaldi.

Qayd etilganidek, ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha aloqador vazirlik va idoralar tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ishsiz va biznesini boshlash istagidagi 384,4 ming yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Yoshlar bandligi dasturi” qabul qilinib, 161,5 ming yoshlar bandligi ta’minlangan. Davlat idoralarining 4 ming 546 nafar rahbari 115,8 ming ishsiz yoshga biriktirilib, 67,2 ming yoshlarning bandligi ta’minlangan. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 5,8 ming yoshlarga subsidiya ajratilib, o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashilgan.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan davrda respublika bo‘yicha 400 ta umumta’lim maktabida o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish tizimi joriy etilgan. Ushbu maktablarda 25 ming 746 nafar 10-11-sinf o‘quvchilari 2 ta yo‘nalish — zamonaviy axborot texnologiyalari va ishchi kasblarga oid mutaxassisliklarda o‘qitilmoqda.
Tadbirda 2025 yil yakuniga qadar 224,4 ming ishsiz va ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlash choralari ko‘rilishi qayd etildi. Buning uchun davlat idoralari rahbarlari tomonidan o‘zlariga biriktirilgan ishsiz yoshlarning 60,1 mingi ish beruvchi korxonalarga joylashtiriladi. “Yoshlar bandligi dasturi” orqali 164,3 ming yoshlar xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitilib, bandligi ta’minlanadi. Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan yoshlarning biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun 1,5 trillion so‘m imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Davra suhbatida deputatlar kasbiy ta’lim sifatini oshirish, yoshlar bandligini ta’minlash borasidagi ayrim kamchiliklarga e’tibor qaratdi. Talaba-yoshlarni mehnat bozoriga integratsiya qilish, bandlikni ta’minlashga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha taklif-tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA