Yana bir iste’molchining huquqi tiklandi. Fuqaro I.N. tomonidan Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga kelib tushgan murojaat ortidan 45 million so‘m iste’molchiga to‘liq qaytarildi.
Aslida fuqaroning murojaat qilishiga qanday holat sabab bo‘lgandi?
Fuqaro 2024 yil iyul oyida Karmana tumanidagi “Ekopen” rusumli 10 dona deraza romlarini xarid qilib, uyiga o‘rnatgan. Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmay, romlarda shaklning buzilishi, egilish va turli deformatsiyalar namoyon bo‘lgan.
Usta kamchiliklarni mahsulot sifati bilan bog‘lagan. Iste’molchi esa masala yuzasidan “Ekopen” MCHJga murojaat qiladi. Kompaniya xodimlari joyiga chiqib vaziyatni o‘rgangan. 2025 yil aprel oyida kompaniya romlarni yangisiga almashtirib bergan bo‘lsa-da, bir oy o‘tar-o‘tmas nuqsonlar yana takrorlangan. Uydagi ta’mir ishlari to‘xtab qolgan, iste’molchi esa to‘langan 45 million so‘mni qaytarishni talab qilgan.
Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari murojaatni o‘rganib, kompaniya rahbariyati bilan suhbatlashdi. Natijada MCHJ iste’molchiga 45 million so‘m pul mablag‘ini qaytarib berdi va bir fuqaroning huquqi tiklandi
Qonun ustuvorligi bu shunchaki shior emas. U har bir hal etilgan murojaatda, har bir tiklangan huquqda o‘z ifodasini topadi.
Zero, qonun ustuvorligi jamiyatda demokratiya va qonunchilik ta’minlanishiga xizmat qiluvchi tamoyildir. Unga so‘zsiz amal qilish esa bizning fuqaroviy burchimiz va majburiyatimiz.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri