Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
45 dan ortiq mamlakatda amal qilingan tartib O‘zbekistonda ham joriy etiladi
18:46 / 2023-05-29

Alkogol va tamaki mahsulotlari zarar ekanligi, inson salomatligiga jiddiy xavf solishi bot-bot takrorlansada, bu kabi mahsulotlarga mukkasidan ketgan insonlar kam emas. Alkogol va tamaki mahsulotlarini muntazam iste’mol qilish unga tobe bo‘lib qolishga sabab bo‘ladi. Oqibatda inson ham o‘ziga, ham yaqinlariga tashvish orttiradi, sog‘lig‘iga ziyon yetkazadi.

Shu yilning 25 may sanasida Prezidentimiz tomonidan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonun imzolandi. Mazkur qonunda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi va iste’mol qilinishini cheklashga oid munosabatlarni tartibga solish, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadi mujassam. Shu bois, hujjatda alkogol va tamaki mahsulotlarining sotuvi, ishlab chiqarilishi, tarqatilishi, iste’mol qilinishi bilan bog‘liq bir qator cheklovlar, tartib-qoidalar belgilangan.

Ko‘p hollarda ko‘cha-ko‘yda, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida tamaki mahsulotlarini ochiq holda ko‘rsatib reklama qilinganiga guvoh bo‘lamiz. Endilikda, mazkur qonun bilan savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida tamaki mahsulotlarini ko‘rsatish va ochiq namoyish qilish taqiqlanishi belgilab qo‘yildi. Ushbu tartib 45 dan ortiq mamlakatda amalga oshirilgan. Unga muvofiq, savdo maydonchasida faqat qog‘ozga bosilgan sotiladigan tamaki mahsulotlarining ro‘yxati joylashtiriladi. Mahsulotlarning o‘zi esa xaridorga ko‘rinmaydigan joyda saqlanadi.

Shuningdek, mazkur qonunga ko‘ra, tarkibida nikotin mavjud bo‘lgan mahsulotlar, qizdiriladigan tamaki mahsuloti, elektron sigaretalar, nikotin suyuqliklari, chilim uchun mo‘ljallangan qorishmalar tamaki mahsulotlariga tenglashtiriladi va ularga nisbatan ham ushbu turdagi mahsulotlarni cheklashga qaratilgan hamma choralar amal qiladi.

So‘nggi paytlarda snyus mahsuloti iste’moli ham ko‘payib, ayniqsa, yoshlar orasida tez tarqalayotgani haqida gapiriladi. Uning yorqin o‘rami, zamonaviy dizayni, yoqimli hidi yosh yigit-qizlarni, hatto maktab o‘quvchilarini ham o‘ziga tortmoqda. Ushbu qonun bilan chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, jumladan, nikotinli snyus, chaynaladigan tamaki va nikotinli shirinliklarni O‘zbekiston hududiga olib kirish va sotishga taqiq qo‘yildi. Bundan tashqari, tarkibida jozibadorlikni oshirishga qaratilgan moddalar – aromatizatorlar, bo‘yoqlar, oziq-ovqat mahsulotlari bo‘lgan elektron sigaretalar, ular uchun nikotin va nikotinsiz suyuqliklarni olib kirish va sotish ham taqiqlanadi.

Sigaret qadoqlarida chekish sog‘liq uchun zarar ekanligi haqidagi ogohlantirishlarga ko‘zimiz tushgan. Mazkur qonunda sigaret qadoqlariga qo‘llaniladigan rasm ko‘rinishidagi tibbiy ogohlantirish hajmini 40 foizdan 65 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, alkogol va tamaki mahsulotlarini bolalar tovarlari sotiladigan binolarda, dorixonalarda, o‘yinchoqlar, shirinliklar va boshqa bolalar mahsulotlariga taqlid qilingan ko‘rinishda sotish taqiqlanadi. Shuningdek, alkogolli va tamaki mahsulotlari hamda tamaki va nikotindan foydalanishga mo‘ljallangan vositalarni sog‘liqni saqlash tashkilotlari, ta’lim, madaniyat, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari, sanatoriylar va tibbiy-ijtimoiy muassasalar hududida sotish mumkin emas. Shu paytgacha 20 yoshga to‘lmagan shaxslarga bunday mahsulotlarni sotish taqiqlangan bo‘lsa, qonun bilan yosh chegarasi 21 yosh etib belgilandi. Ya’ni, 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish hamda ushbu yoshdagi shaxslar tomonidan sotilishi mumkin emasligi o‘z aksini topdi.  

Mazkur sohaga oid belgilangan tartib-qoidalarning amal qilinishini ta’minlashda mas’ul tashkilot va idoralarning ishtiroki, amaliy sa’y-harakati muhim ahamiyatga ega. Shu bois, qonunda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar ham ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, soliq, bojxona organlari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar alkogol va tamaki mahsulotlari tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash bo‘yicha faoliyatda qonunchilikka muvofiq ishtirok etadi.  

E’lon qilinganidan uch oy o‘tib kuchga kirishi belgilangan ushbu qonun fuqarolar salomatligini asrashda muhim ahamiyatga ega. Qonunda belgilangan tartib-qoidalar ichkilik va kashandalikning oldini olish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida bu kabi jirkanch illatlar urchib ketmasligi, kelajagimiz egalarini bunday illatlardan asrash, ushbu odatlarning salbiy oqibatlaridan himoyalashga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA