Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
42 ta yangi quvvat va infratuzilma ob’ektlari ishga tushirildi
15:44 / 2025-12-06

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev energetika sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarni ishga tushirish marosimida ishtirok etib, mamlakat taraqqiyotida “yashil” energetikaning o‘rni tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarning ta’biri bilan aytganda, bugungi kunda iqtisodiyotning jadal o‘sishi va aholi ehtiyojining oshib borishi eng avvalo ishonchli, uzluksiz va ekologik toza energiya ta’minotini talab etmoqda.

Marosim doirasida qariyb 11 milliard dollarlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma ob’ektlari ishga tushirilib, yana 21 ta loyihaning qurilishiga start berildi. Keyingi yillarda energetika sohasiga 35 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilingani va 9 ming megavatt quvvatlar ishga tushirilgani mamlakatda energiya ta’minoti milliy darajada mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

Jizzax viloyatining Forish tumanida Xitoyning “China State Electrical”, “China Electrical Equipment”, “CHD” va “Poly Changdo” kompaniyalari ishtirokida barpo etilgan 500 MVt quvvatli fotoelektr stansiyasi tarmog‘ining 200 MVt qismi rasman foydalanishga topshirildi. 

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan “yashil” energetika ulushini oshirish vazifasi ana shunday loyihalar orqali keskin sur’atda amalga oshirilmoqda. Mamlakat 2030 yilga borib energetika balansida quyosh energiyasi ulushini 6 foizga yetkazishni maqsad qilgan.

Forish tumanidagi “Egizbuloq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilgan mazkur stansiya 1058 gektar maydonni egallab, 1000 nafarga yaqin mutaxassis mehnati bilan qisqa vaqtda qurib bitkazildi. 2024 yil dekabr oyida boshlangan qurilish ishlari ikki bosqich asosida jadal sur’atda amalga oshirildi. Bir necha kilometrga cho‘zilgan quyosh panellari tufayli bir yil muqaddam tap-taqir dashtlik bo‘lgan hudud bugun mamlakat energetika xaritasidagi muhim nuqtaga aylandi.

[gallery-26602]

Loyiha ishtirokchisi, “QAQC” menejeri Sun Jhen (Sun Zhen)ning ta’kidlashicha, 100 nafardan ziyod xitoylik mutaxassis va mahalliy kadrlar hamkorligida ishlar izchil olib borilmoqda. 2024 yil sentyabrda birinchi, dekabrda esa ikkinchi bosqich ishga tushirildi va 200 MVt quvvat allaqachon tok ishlab chiqarmoqda. Majmua 2026 yil mart oyigacha to‘liq quvvatda ishlashga mo‘ljallangan.

Stansiyada ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Zafarobod podstansiyasiga uzatiladi va u yerdan aholiga hamda tashkilotlarga yetkaziladi. 

Bundan tashqari, Jizzax shahriga toza energiya yetkazish maqsadida 500 ta havo elektr uzatish tarmog‘i ustunlari o‘rnatilishi belgilangan. 350 million dollarlik ushbu majmua “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili”ning eng yirik amaliy qadamlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Tadbirda ishtirok etgan Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyevning ta’kidlashicha, stansiya nafaqat barqaror energiya ta’minotini, balki mahalliy bandlikni ta’minlashga ham xizmat qiladi. Loyiha to‘liq ishga tushgach, kamida yana 50 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.

A. Qayumov, O‘zA