“O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun mamlakatimizda fuqarolarning mulkiy huquqlarini ishonchli himoya qilish, ularni huquqiy jihatdan to‘liq rasmiylashtirish yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi.
Mazkur qonun ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro viloyatida keng ko‘lamli xatlov ishlari olib borilmoqda.
Bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha jami 42 077 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi. Shundan 28 946 tasi UZKAD axborot tizimiga kiritilgan bo‘lib, ularning 28 555 tasi turarjoy, 391 tasi esa noturarjoy ob’ektlarini tashkil etadi.

Shuningdek, 19 856 ta ob’ekt “E’TIROF” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga o‘tkazilgan, 16 495 tasi muhokama bosqichida. Bu ko‘rsatkichlar sohada olib borilayotgan ishlarning samaradorligini, fuqarolarning mulkka bo‘lgan huquqlarini qonuniy asosda tan olish yo‘lida izchil natijalar qo‘lga kiritilayotganini yaqqol namoyon etmoqda.

Ayni paytda Xalq deputatlari viloyat Kengashi qaroriga muvofiq 446 nafar fuqaroning egalik huquqlari e’tirof etildi. Ushbu qarorlar fuqarolarning yillar davomida foydalanib kelgan uy-joylari va boshqa ko‘chmas mulklarining huquqiy maqomini belgilab, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, xatlov ishlari natijasida nafaqat mavjud ob’ektlar aniqlanmoqda, balki har bir fuqaroga o‘z mulkini qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish, hujjatlarni rasmiylashtirish, mulk huquqini davlat himoyasiga olish imkoniyati yaratilmoqda.

Fuqarolarning mulk huquqlarini e’tirof etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar “Inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasi bo‘lib, Buxoro viloyatida bu jarayon izchil davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri