2025-yilda “Yoshlar daftari” orqali 74,3 ming nafar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 216,1 mlrd. so‘m yo‘naltirilgan. Ishsiz va biznesini boshlash istagidagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar bandligi dasturi” asosida 414,6 ming nafar yoshlarning bandligi ta’minlangan.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ulardan 331 ming nafari kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan, 403 ming ayolga 22,7 trln. so‘m kredit ajratilgan. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 634,6 ming nafardan ziyod xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga erishilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Unda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2025-yilda bajarilishi yuzasidan hisoboti muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, aholini tibbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 40 yoshdan oshgan 9 mln. fuqaro yurak-qon tomir kasalliklari hamda 10 mln. aholi qandli diabet kasalliklari skrining tekshiruvidan o‘tkazilgan.
Shuningdek, sud-huquq sohasidagi islohotlar adolat, huquqiy davlat va fuqarolar manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Bu partiya elektorati manfaatlariga to‘laqonli mos kelishi qayd etildi.
Yig‘ilishda Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsman)ning 2025-yildagi faoliyati haqidagi ma’ruzasi ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA