Buxoro davlat universitetida talaba yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoit va qulaylik, ta’lim sifatini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan modernizatsiyalash jarayoni, talabalar turar joylarining ayni kundagi holati, yangidan barpo etilgan to‘rt qavatli shinam yotoqxona va ro‘yobga chiqarilayotgan boshqa loyihalar munosabati bilan ta’lim maskaniga press-tur tashkil etildi.
Dastlab universitet kichik majlislar zalida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov keyingi yillarda davlat rahbari tomonidan yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, viloyat oliy ta’limining bosh bo‘g‘inida ro‘yobga chiqarilayotgan yangilanishlar, erishilayotgan yutuqlar haqida atroflicha axborot berdi.
Shundan so‘ng respublika Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova, mazkur vazirlikning Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i Azamat Naimovlarning axborotlari eshitildi. Tadbirda yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan javob oldi.
[gallery-14362]
Matbuot anjumani ishtirokchilari Buxoro davlat universitetidagi yoshlar ittifoqi, bandlik, marketing va kar’era markazi, ma’muriy xizmat ko‘rsatish, axborot-resurs, raqamli iqtisodiyot va inson resurslarini boshqarish, axborot texnologiyalari markazlari, shuningdek, madaniy-ma’rifiy tadbirlar uchun yaratilgan shart-sharoit hamda sport majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yil boshidan Buxoro davlat universiteti hududida ko‘p yillik talab va ehtiyojdan kelib chiqib, yangi va zamonaviy andozadagi, 2700 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv binosi, ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, alohida axborot resurs markazi bino-inshootlari qurilishi jadal boshlangan. Shu bilan birga, 4 qavatdan iborat, 400 o‘rinli shinam yotoqxona binosi qurilishini o‘tgan yili pudratchi tashkilot — “Buxorogazsanoatqurilish” aksiyadorlik jamiyati o‘z zimmasiga olgan.
Mazkur yotoqxona qurilishi umumiy qiymati 10 milliard 462 million so‘mga moliyalashtirilgan. Unda talabalarning risoladagidek yashab, tahsil olishlari uchun barcha qulaylik muhayyo qilingan. Qishki mavsum uchun alohida isitish qozonxonasiga ega yotoqxona binosini zarur qattiq va yumshoq mebel bilan jihozlash uchun universitet mablag‘lari hisobidan 1 milliard 100 million so‘m mablag‘ sarflangan. Bugunga kelib bu ko‘rkam inshootda bo‘lg‘usi yosh mutaxassislar uchun ma’naviyat-ma’rifat xonalari, internet va kompyuter xonalari, har bir qavatda ikkitadan oshxona va kir yuvish xonasi shay qilingan.
Press tur doirasida oliy o‘quv yurti yotoqxona majmuasining yangi qiyofadagi 8-inshootini foydalanishga topshirish marosimi o‘tkazildi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Mirali Hamrayev, universitet jamoatchilik va kuzatuv kengashi a’zosi, O‘zbekiston Qahramoni Muhammadjon Ahmedov, ta’lim dargohi rektori Obidjon Hamidovlar so‘z oldi. Talabalarni ana shunday shinam shart-sharoit va qulaylik bilan qutladi. Yotoqxona qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan binokorlarga alohida minnatdorlik bildirildi.
Yangi yotoqxona ramziy kaliti universitet yoshlariga tantanali ravishda topshirildi. Yig‘ilganlar shinam inshootda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi.
Yotoqxona hovlisida esa faxriy pedagoglar va ularning shogirdlari, shuningdek, jurnalist, blogerlar xayrli niyatlar bilan turli xildagi mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazdi.
Press-tur ishtirokchilari universitet yotoqxonalaridagi shart-sharoitlar bilan ham tanishdi.
Bugungi kunga qadar mavjud 7 ta talabalar turar joyida ham barcha shart-sharoit yaratilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari