Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
400 nafardan ziyod o‘quvchi “Jasorat maktabi”ga qabul qilindi
15:29 / 2025-09-26

FOTOREPORTAJ

2025/2026 o‘quv yilidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari negizida respublikaning barcha viloyatlaridagi tuman va shaharlarda bittadan “Jasorat maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Samarqand shahridagi Kichik serjantlar tayyorlash markazida “Jasorat maktablari”ga viloyat bo‘yicha qabul qilingan 416 nafar o‘g‘il-qizning tantanali va’da berish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar vakillari, faxriy harbiylar va o‘quvchilarning ota-onalari ishtirok etib, yoshlarni “Jasorat sinflari”ga qabul qilingani bilan tabrikladi.

– “Jasorat sinflari”da matematika, chaqiruvga qadar yoshlarni boshlang‘ich tayyorlash, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili, fizika fanlari chuqurlashtirib o‘tiladi, - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov. – O‘quv mashg‘ulotlari ikki shaklda, nazariy hamda o‘quv-dala mashg‘ulotlari shaklida tashkil etiladi. O‘quv yili davomida ikki marta harbiy poligonlarda, har chorakda bir marta harbiy qismlarda amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi.  

[gallery-25474]

“Jasorat maktabi”ni a’lo baholarga tugatgan, “Vatan tayanchi” otryadining a’zosi bo‘lgan bir nafar o‘quvchiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq, oliy va harbiylashgan hamda yuridik ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar berilishi ko‘zda tutilgan.

Alisher ISROILOV (surat), O‘zA