Xalq ta’limi vazirligi hamda Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tomonidan Prezident sovrini uchun o‘tkazilayotgan "Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab" tanlovining Buxoro viloyati bosqichi yakunlandi.
Tanlovda 13 ta maktab jamoasi ishtirok etdi. Ishtirokchilar test savollari va yozma ish topshiriqlari orqali o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi. Jamoalarning xorijiy tillarni bilish bo‘yicha natijalari 100 ballik tizim bo‘yicha baholandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan Buxoro shahridagi 40-umumta’lim maktabi jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etish yo‘llamasini qo‘lga kiritdi. Vobkent tumanidagi 6-IDUMI jamoasi ikkinchi, Buxoro tumanidagi 1-IDUM jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
Taqdirlash marosimida Xalq ta’limi vazirligining Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti boshlig‘i Umid Rahmonov, Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi vakili Muqaddas Ogay hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva ishtirok etdi. Birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoaga 250 million, ikkinchi o‘ringa 200 million va uchinchi o‘ringa 150 million so‘mlik vaucher va faxriy yorliqlar topshirildi.
Zarif Komilov,
O‘zA