Bugun, 22 noyabr kuni Namangandagi “Pahlavon” sport majmuasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning huquqni muhofaza qilish tizimlarining 12 ta jamoasi ishtirokida “Great Silk Road Army and Police Volleyball Championship” musobaqasi, ya’ni Buyuk ipak yo‘li Armiya va politsiya jamoalari chempionati boshlanadi.
Kecha nufuzli chempionat oldidan barcha tashkiliy jarayonlar belgilangan tartibda amalga oshirildi.
Mandat komissiyasi yig‘ilishida ishtirok etgan jamoalarning vakillariga o‘yinlarining texnik jihatlari, musobaqalar jadvali, qur’a natijalari haqida axborot berildi.
Mazkur nufuzli musobaqa oldidan yurtimizga kelgan Qozog‘iston voleybol federatsiyasi rais o‘rinbosari Arman Kabesov bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston voleybol federatsiyasi rais o‘rinbosari Jamshid Fayziyev, Sport vaziri maslahatchisi Sharifjon Muminjanov, O‘zbekiston davlat sport akademiyasining rahbari Ilhomjon Tursunaliyev, mutaxassis va murabbiylar ishtirok etgan uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasida voleybolni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat voleybol federatsiyalari o‘rtasida voleybolni rivojlantirish, o‘quv-mashg‘ulot dasturlarini takomillashtirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga doir hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bugun kun davomida 4 ta o‘yin o‘tkazilsa, ertaga, 23 noyabr kuni saralashning qolgan bahslari bo‘lib o‘tadi.
Musobaqalar 28 noyabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA