Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
4 nafar yosh og‘ir atletikachimiz Jahon chempionatida 10 ta medalga ega chiqdi
21:33 / 2022-06-18

Xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sportchilarining qatnashishidan belgilangan natijalarga erishishgacha bo‘lgan jarayon murakkab sport dasturini, chuqur tahlillarni talab etadi.

Har bir nufuzli musobaqaga sportchilarni saralash, natijaga erishish yo‘lida zarur texnik-taktik yo‘nalishlarni belgilab olish, raqiblarning imkoniyatini monitoring qilish asosida 2-4 yillik musobaqalar, chempionatlar, olimpiya o‘yinlari rejasini ishlab chiqish zarur bo‘ladi.

Shu ma’noda og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining Meksikada o‘tkazilgan Jahon chempionatida faqat sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishi emas, yosh sportchilarning kelajakdagi nufuzli musobaqalarga hozirdan hozirlab borish nazarda tutilgandi.

Meksikaning Leon shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida yakunlangan Jahon chempionati sarhisobi bu yo‘ldagi dastlabki maqsadlarga erishilganligini ko‘rsatmoqda.

Terma jamoa murabbiylar kengashi va federatsiya mutaxassis va mutasaddilarining tahlillari natijasida ushbu chempionatda qatnashish uchun bir nafar murabbiy yetakchiligidagi 4 nafar sportchi Meksikaga safarbar etildi.

– Tahlillarimiz o‘zini oqladi. Barcha sportchilarimiz Jahon chempionatini medallar bilan yakunlashdi. Chempionatni medalsiz tark etgan bironta ham sportchimiz bo‘lmadi. Chempionatda 40 ta davlatdan 205 nafar sportchi ishtirok etdi. Bahslar 10 ta vaznda o‘tkazildi. Hamyurtlarimiz 4 ta vaznda medallar uchun kurashdi. Chempionat medallari sarhisobiga ko‘ra, sportchilarimiz 8 ta kumush va 2 ta bronza medallariga ega chiqdi. Yosh sportchilarimiz garchi oltin medallarni qo‘lga kiritmagan bo‘lsa-da, natijadorlik yuz foiz uddalandi, – deydi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi Baxtiyor Abdukarimov.

Jahon chempionati davomida yosh sportchilarimizdan Diyorbek Ermatov 73 kg. vazn toifasida 2 ta kumush, 1 ta bronza, Abror Ma’rufbekov 96 kg. vaznda 1 ta bronza, Qudrat Salimjonov 102 kg. vaznda 3 ta kumush hamda Meksika bahslarida qatnashgan yagona qizimiz Nigora Suvonova 76 kilogramm og‘irlikda 3 ta kumush medalga musharraf bo‘ldi.

Bu, yurtimiz og‘ir atletikasining kelajagi uchun munosib yoshlar jamoasi kamolga yetayotganligidan. Aynan shu yoshlar 2028, 2032 va 2036 yillardagi Olimpiya o‘yinlarida qatnashishga nomzod hisoblanadi.

Meksika sport maydonida zafar quchgan og‘ir atletikachilarimiz 20 iyun kuni O‘zbekistonga qaytib kelishadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA