Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi «RS Success Agro» mas’uliyati cheklangan jamiyatining bosh direktori Robiya Ibragimova o‘zining fidoyi mehnati va yangicha qarashlari bilan yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi.
U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishiga muvofiq «Faol taдbirкор» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu mukofot tadbirkor ayolning qishloq xo‘jaligida innovatsiya va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, aholi bandligini ta’minlash hamda sanoatda yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yishdagi xizmatlariga bo‘lgan munosib bahodir.

– Bugungi yutuqlarimiz bir kishining emas, butun jamoamizning mehnati samarasidir, – deydi Robiya Ibragimova. – Biz yerga mehr bilan yondoshdik. Har bir gektardan yuqori hosil olish uchun ilm va zamonaviy texnologiyani joriy etdik. Shu tufayli hozir sho‘rlangan yerlar ham unumdor dalalarga aylanmoqda.”

So‘nggi yillarda korxona tomonidan qator keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi: 1700 gektar maydon suv bilan ta’minlandi, sho‘rlangan yerlar qayta tiklandi, 59 ta quduq qazildi. Yettita yo‘nalishda zamonaviy laboratoriyalar ishga tushirildi, 140 dan ziyod texnika va agregat ish jarayoniga jalb etildi. Hozirgi kunda jamiyatimizda 150 nafar ishchi mehnat qilmoqda, ularning 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Ishchilarning o‘rtacha oylik maoshi 3,8 million so‘mdan yuqori.

Innovatsiyaga katta e’tibor qaratgan tadbirkor quvvati 1000 kilovattli quyosh elektr stansiyasini ishga tushirdi. Shu bilan birga, 14 mingdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdi.
Robiya Ibragimovaning eng yirik yutuqlaridan biri — kanopchilik sohasida qo‘lga kiritilgan natijadir. Uning rahbarligida 4 metr balandlikda kanop o‘stirishga muvaffaq bo‘lindi. Bu natija yurtimizda kanopchilik sohasi rivojini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
– Kanop — tabiat va iqtisodiyot uchun ikki tomonlama foydali o‘simlik, – deydi tadbirkor. – U tez o‘sadi, tuproqni tozalaydi, uglerodni singdiradi, zararli kimyoviy vositalarga ehtiyojni kamaytiradi. Bizda 4 metrli kanop yetishtirilishi — bu nafaqat agrotexnikada, balki milliy qishloq xo‘jaligimizda ham yangi bosqich demakdir.
Ilmiy manbalarga ko‘ra, bunday baland kanopning ahamiyati juda katta. Undan olinadigan tola uzun va mustahkam bo‘lib, mato, arg‘amchi hamda sanoat kompozitlari ishlab chiqarishda qimmatli xomashyo hisoblanadi. Bundan tashqari, undan qog‘oz, qurilish materiallari va bioyoqilg‘i mahsulotlari ham tayyorlanadi.

Shu bilan birga, kanop urug‘idan olinadigan yog‘ oziq-ovqat, dorivor va kosmetik mahsulotlarda keng qo‘llaniladi. Demak, Xovosda erishilgan bu tajriba nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki to‘qimachilik, qurilish, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Korxona o‘z faoliyatida tabiiy va ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, Leodar kanop urug‘idan olingan yog‘, Leodar steppe honey asali hamda Leoria tabiiy sovuni mahalliy va xorijiy bozorlarda xaridorgir mahsulotlardan sanaladi.
– Biz sifat va tabiiylikni asosiy qoida qilib olganmiz, – deydi Robiya Ibragimova. – Kanop yog‘i inson sog‘lig‘ini mustahkamlasa, undan olingan asal immunitetni oshiradi, kanop sovuni esa tabiiy tarkibi bilan terini parvarish qiladi. Bu mahsulotlar orqali biz nafaqat ishlab chiqarish, balki sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni ham maqsad qilganmiz.
Tadbirkor ayol homiylik ishlari bilan ham e’tibor qozonmoqda. Xovos tumanidagi 2-sonli maktabga zamonaviy kompyuterlar sovg‘a qilindi, mahalliy hokimiyat bilan hamkorlikda 3 kilometr yangi yo‘l qurilishiga hissa qo‘shildi.
Shuning uchun ham mahalliy mutaxassislar Robiya Ibragimovani “tajribali rahbar va innovatsion fikrlaydigan tadbirkor” sifatida e’tirof etmoqdalar.
– Maqsadim — faqat foyda olish emas, balki viloyatimizda yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlarga ishonch berish va yerlarimizni yanada hosildor qilish, – deydi tadbirkor. – Bizda yaratilgan tajriba ertaga boshqa hududlarda ham amaliyotga tatbiq etilsa, bu — men uchun eng katta mukofot bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA