Shri-Lanka Demokratik Sotsialistik Respublikasi – Janubiy Osiyodagi orol davlat Portugaliya istilosi davridan 1972 yilgacha Yevropada Seylon deb atalgan. “Shri-Lanka” sanskrit tilidan tarjima qilinganda “Shon-sharafli, muborak zamin” ma’nosini anglatadi.
Mamlakat poytaxti rasman Shri-Jayavardenepura-Kotte, oddiygina Kotte (1982 yildan beri) nomi bilan ataladigan maskan parlament qarorgohi. Yirik shaharlaridan biri Kolombo esa norasmiy poytaxt sanaladi.
Bir necha tarixiy bosqichni bosib o‘tgan bu orolning eng qadimiy aholisi – Veddalar ajdodi Avstralo-Veddoid irqiga mansub bo‘lib, bugungi kunda 2500 kishini tashkil etadi. Singallar orolga miloddan avvalgi VI asrda ko‘chgan. Eramizdan avvalgi III asrda Buddizm kirib kelgan.
III-XIII asrlardagi poytaxt Anuradxapurada, keyin Polonnaruvada yirik Singal qirolliklari shakllangan. Orolning markaziy qismidagi Sigiriya (Arslon) qoyasi freskalari ham shu davrga tegishli.
Singal monarxlarining Polonnaruva sulolasi qulagandan so‘ng poytaxt bir necha marta ko‘chirilgan. XVI asrda portugallar orolga kelganda poytaxt Kotte shahri edi.
Shri-Lanka tarixida bir necha muhim bosqichni qayd etish mumkin.
140 yil davom etgan Portugaliya mustamlakasi (1518-1658) davrida savdo rivojlangan, Kolombo porti dren chiqargan. Ziravor, dolchin bozorning asosiy mahsulotiga aylangan. Portugallar orolni Seylao deb atagan, Seylon nomi shundan kelib chiqqan.
1796 yilgacha davom etgan Gollandiya mustamlakasi davrida savdoda monopoliyaga ega gollandlar portugallarni butun oroldan quvib chiqargan.
XVIII asr oxiriga kelib, inglizlar portlarni egallay boshladi va 1815 yilga kelib mamlakatning butun hududi Britaniya hukmronligi ostiga o‘tdi.
Angliyaga qaramlik (1795-1948 yillar) davrida orol hayotida muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Britaniyaliklar bu yerga mamlakat iqtisodiyotining asosiy mahsulotlariga aylangan qahva, choy va kauchuk olib keldi. 1870 yilga kelib qahva asosiy eksport tovariga aylandi.
Ikkinchi jahon urushi davrida strategik ahamiyatga ega bu zaminda Gitlerga qarshi koalitsiya ittifoqchilari qarorgohi joylashgan edi. 1942 yil yapon qo‘shinlari portlarni egallashga harakat qildi, ammo bu harakat muvaffaqiyatsiz chiqdi.
1948 yildagi urushdan so‘ng Seylon Angliya qiroli qo‘l ostidagi Millatlar Hamdo‘stligi hukmronligiga o‘tdi. Shri-Lanka tarixda birinchi marta orolning butun hududini qamragan davlat paydo bo‘ldi.
Shri-Lanka ommaviy axborot vositalari – televideniye, radio, gazeta, jurnal va veb-saytlar sinxala, tamil va ingliz tillarida faoliyat ko‘rsatadi. Mamlakatda radio eshittirish paydo bo‘lishi 1923 yilga borib taqalsa, ilk televizion tarmoq 1979 yil 13 aprelda ishga tushirilgan.
Shri-Lanka iqtisodiyoti o‘sishi natijasida ko‘plab sun’iy yo‘ldoshli telekanallar joriy etildi. Davlat media markazlaridan tashqari o‘ndan ziyod xususiy radiostansiya, 30 dan ko‘p xususiy telestansiya mavjud.
Shri-Lankada hozir ko‘plab onlayn nashrlar bor. Shuningdek, ingliz tilidagi gazetalar – Kolombo shahrida 1903 yildan chop etila boshlagan “Kundalik ko‘zgu” (Daily Mirror), “Kunlik yangiliklar” (Daily News, 1918 y), 1994 yildan nashr etiladigan “Yakshanba yetakchisi” (Sunday Leader Daily FT) haftaligi bor. Bundan tashqari sinxala va tamil tillarida chop etiladigan matbuot nashrlari ham mavjud.
Shri-Lankaning yagona milliy axborot agentligi – “Lankapuvat” (Lankapuvath) Kolomboda joylashgan va besh hamkor, milliy gazeta va asosiy milliy elektron media institutlardan iborat.
“Lankapuvat” Shri-Lanka matbuoti baroni, huquqshunos, eng yirik va eng mashhur gazetalar guruhining bir martalik tahririyati boshqaruvchi direktori Esmond Vikremesingx tomonidan 1978 yil tashkil etilgan.
Mazkur tashkilot Osiyo va Tinch okeani axborot agentliklari tashkiloti Milliy axborot agentliklari (OANA Pool) bilan faol aloqa orqali dunyoning 30 dan ortiq mamlakati tarmog‘iga tayangan holda, Shri-Lanka va xorijiy yangiliklarni 7 kun, 24 soat har tomonlama yoritishni ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Shri-Lanka Demokratik Sotsialistik Respublikasi bilan 1999 yil 11 oktyabr kuni Moskva shahrida imzolangan qo‘shma kommyunike asosida diplomatik aloqa o‘rnatgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA