French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
4 dekabr — Xalqaro banklar kuni
16:19 / 2025-12-04

Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasining 2019 yildagi rezolyutsiyasiga muvofiq, har yili 4 dekabr "Xalqaro banklar kuni" sifatida nishonlanadi. Bu sana jahon moliya tizimining barqaror rivojlanish va iqtisodiy o‘sishga qo‘shgan ulkan hissasini e’tirof etish maqsadida joriy etilgan.

BMT ushbu qaror orqali bank tuzilmalarining 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish dasturini amalga oshirishdagi rolini muhim deb baholadi.  

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo iqtisodiyotida yuz berayotgan tahlikali o‘zgarishlar — savdo cheklovlari, investitsiya oqimlarining pasayishi, qarz xatarlari va iqlim o‘zgarishi kabi xavflar — moliya sektoriga yangi mas’uliyat yuklamoqda. Shu bois, banklar faqat kredit berish yoki depozit qabul qilish bilan cheklanib qolmay, uzoq muddatli, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga sarmoya kiritishda faol ishtirok etishi zarurligi ta’kidlanmoqda.

Moliya institutlari tomonidan ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish, aholining barcha qatlamlariga bank xizmatlarini yetkazish, kichik biznes va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalarni bajarish — barqaror rivojlanishning muhim sharti hisoblanadi.

Yurtimizda bank sektori iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda, tadbirkorlikni rivojlantirishda va aholi farovonligini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Moliya tizimi orqali yuzlab infratuzilma loyihalari moliyalashtiriladi, kichik biznes uchun shart-sharoitlar yaratiladi, yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.

Mamlakatimizda 2020 yilda qabul qilingan “2020–2025 bank tizimini isloh qilish strategiyasi” doirasida banklar transformatsiya qilinmoqda. Shuningdek, tarkibiy qayta qurish, xo‘jalik yuritish modelini o‘zgartirish va xususiylashtirish ustuvor vazifaga aylandi.  

2025 yilning noyabrida Markaziy bank tomonidan 2025-2028 yillarga mo‘ljallangan bank nazoratini kuchaytirish “Roadmap”i tasdiqlandi.  Ushbu “Roadmap” doirasida, xalqaro bank nazorati standartlari, jumladan Basel III qoidalari to‘liq joriy etiladi. Kapital talabi, risk-menejment, korporativ boshqaruv sifati, individual va bank guruhlari nazoratini kuchaytirish kabi massiv choralar belgilandi.  Bu orqali bank tizimida faoliyat yuritishda shaffoflik, hisobdorlik va xalqaro standartlarga moslik ta’minlanmoqda.

Shu bilan birga, banklar orasida faoliyatni yaxshilash, raqamli xizmatlar, mijozlarga qulayliklar, SME (kichik va o‘rta biznes) loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali jamoat va biznes uchun moliya imkoniyatlari kengaymoqda.  

Islohotlar samarasida bank sektori bozorga moslashmoqda, raqobat, nazorat, shaffoflik va korporativ boshqaruv jihatdan takomillashmoqda.  

Bir so‘z bilan aytganda, amalga oshirilayotgan bu islohotlar nafaqat banklar faoliyatini o‘zgartirmoqda, balki moliya xizmatlari, kreditlash, biznes va investorlar uchun imkoniyatlar maydonini kengaytirmoqda.

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA