395 ming gektarning taqdiri nima kechadi?
Fermer xoʻjaliklari faoliyatiga ham ilm-fan yutuqlari va yangiliklar izchil qoʻllanilayotgani muvaffaqiyatlar garovi boʻlayotir.
Fermer xoʻjaliklari faoliyatiga ham ilm-fan yutuqlari va yangiliklar izchil qoʻllanilayotgani muvaffaqiyatlar garovi boʻlayotir. Hozirda bir qator ilgʻor texnologiyalar mavjud boʻlib, zamonaviy, resurstejamkor issiqxonalar tashkil etish, tizimda tomchilatib sugʻorishni ommalashtirishga ayniqsa alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Tomorqa egalari ham oʻz xoʻjaligida yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etmoqda. Misol uchun, issiqxonada gaz yoki elektr tokining oʻrniga quyosh energiyasidan foydalanib, isitish. Hozirda Oqqoʻrgʻon tumanida fermerlar quyosh energiyasidan foydalanib, bogʻdorchilikda tomchilatib sugʻorishdan foydalanmoqda.
– Biz sohaga innovatsiyalarni tatbiq etishda yana bir qadam oldinladik, – deydi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisining oʻrinbosari Faxriddin Kushshanov .– Kuni kecha Mahmud Mirzayev nomidagi bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Quva tumanidagi 395 ming gektarda joylashgan Fargʻona ilmiy-amaliy stansiyasi mulki mavjud ekinzorlari bilan bepul foydalanish huquqi bilan bizga berildi.
Bu yerda bir qator innovatsion texnologiyalarning namunalari yaratiladi. Hududda namunali issiqxonalar, labaratoriyalar, hovuzlar va boshqa ishlab chiqarish tizimi tashkil etiladi. Misol uchun, 15 xilda issiqxona boʻladi. Mayda shoxli mollarni koʻpaytirishni intensiv usullari, oʻsimliklarni invitro laboratoriyasini tashkil etish koʻzda tutilgan. Yetishtirish qiyin boʻlgan mevali daraxtlarni tezroq va sifatli yetishtirish imkoni yaratiladi. Mazkur innovatsion usullar asosida keyinchalik fermerlar va tomorqa egalariga koʻrgazmali tajriba uchastkalari joriy etiladi.
Buning uchun esa agrar sohada taʼlim olayotgan talabalar shu yerda amaliyot oʻtaydi. Qishloq joylarda qishloq tizimi va dam olish turlarini rivojlantirishga koʻmaklashiladi.
Qisqa qilib aytganda, mazkur maydonlarda Limon yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar, Kartoshka yetishtiruvchilar, “ Oʻzparrandasanoat”, “Oʻzbaliqsanoat”, Oʻzbekiston asalarichilar uyushmasi ham ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi.