Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining 18-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Alimov 2024 yil va joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirgan ishlari yuzasidan axborot berdi.
Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chuqur demokratik islohotlar inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, himoya qilish hamda ularni rag‘batlantirishga qaratilgan bo‘lib, ushbu masala davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu jihatdan Ombudsman institutining faoliyati va vakolatlari izchil ravishda kengayib bormoqda.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi yangi Qonun qabul qilinishi mazkur institutning milliy darajadagi ahamiyatini yanada oshirdi. Qonunda Ombudsman va uning mintaqaviy vakillarining vazifalari, huquqlari va majburiyatlari aniq belgilab berilgan.
Jumladan, mintaqaviy vakil jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, buzilgan huquq va manfaatlarni tiklash, inson huquqlariga rioya etilishi yuzasidan monitoring o‘tkazish, shuningdek, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalardagi sharoitni o‘rganish kabi vazifalarni amalga oshirmoqda.
2024 yilda Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakiligiga jami 370 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 15 tasi shaxsiy huquq va erkinliklar, 108 tasi ijtimoiy, 119 tasi iqtisodiy, 73 tasi siyosiy va 6 tasi ekologik huquqlarga oid bo‘lgan.
Murojaatlar tahlil qilinib, 30 dan ortiq holat bo‘yicha ta’sir chorasi sifatida da’vo arizalari va taqdimnomalar kiritilgan. Shuningdek, harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarga 72 marta monitoring tashriflari amalga oshirilib, insonparvarlik va qonuniylik tamoyillari asosida sharoitlar o‘rganilgan.
Fuqarolarning huquqiy ongini oshirish maqsadida viloyatning 5 ta tumanida 7 marotaba “Ombudsman maktabi” tadbirlari o‘tkazilib, ularda 23 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 900 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etdi.
Shuningdek, 16 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasasida 1000 nafarga yaqin yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida “Ombudsman soati” tadbirlari tashkil etildi. Unda yoshlarga inson huquqlari va erkinliklari, ularni himoya qilish mexanizmlari haqida ma’lumotlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri