Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
36 ta xalqaro avtobus yo‘nalishi yo‘lga qo‘yilgan
12:11 / 2025-05-21

Yurtimizda aholi uchun jamoat transporti xizmatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Jamoat transportidan foydalanishda yo‘lovchilar uchun qulay tariflar belgilandi, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etildi, jamoat transporti yo‘nalishlari soni 3 ming 660 taga yetdi. Bu esa aholiga qulayliklar yaratish barobarida jamoat transportidan foydalanish jozibadorligini oshirmoqda.

Shuningdek, yangi va zamon talablariga to‘liq javob beradigan avtomobil yo‘llarining yagona tizimi yaratildi. Toshkent metropolitenida 2017 yilda kunlik o‘rtacha 168 ming yo‘lovchi, 2023 yilda kunlik o‘rtacha 424 ming yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, 2024 yilda kunlik 1 mln. yo‘lovchi tashishga erishildi. 500 ga yaqin yangi jamoat transporti yo‘nalishlari tashkil etildi.  

Shaharlararo yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralmoqda. Aholi va sayyohlarga shaharlararo xizmat ko‘rsatish uchun 98 ta yo‘nalish mavjud bo‘lib, ulardan 51 tasi Toshkent shahrini hududlar bilan bog‘laydi. Mazkur yo‘nalishlarda haftasiga 868 ta avtobus qatnovi amalga oshiriladi. Bundan tashqari, O‘zbekistondan Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga 36 ta xalqaro avtobus yo‘nalishi muntazam faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 2025 yilning yanvar-aprel oylari davomida 225 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan.  

Ushbu ma’lumotlar parlament quyi palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan eshituvda aytib o‘tildi. Unda Transport vazirligining “Tashuvchilar va yo‘lovchilar uchun qulay sharoitlar yaratish choralari: yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va shaharlararo hamda hududlararo tashuvlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.  

Eshituvda jamoat transportini yaxshilash, ayniqsa, viloyatlar markazlari, tumanlararo yo‘nalishlar, qishloqlardan markazgacha bo‘lgan yo‘nalishlarda jamoat transporti tizimi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.  

M.Komilova, O‘zA