English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
36 soatlik mashg‘ulot orqali tadbirkor bo‘lish mumkinmi?
17:05 / 2025-09-11

–Mumkin, buni uddalagan ayollar juda ko‘p, –deydi Samarqand viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Sayyora Salimova.

Nodavlat notijorat tashkiloti maqomidagi mazkur markaz davlatimiz rahbarining 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan va 2019 yil avgust oyida faoliyat boshlagan. Markaz Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

– Ayolning tadbirkor bo‘lishi faqat oila uchun emas, butun jamiyat uchun manfaat keltiradi, qo‘shimcha imkoniyatlar, yangi g‘oyalar va yangi ish o‘rinlari yaratiladi, – deydi Sayyora Salimova. – Bizning vazifamiz ana shu maqsad yo‘lida ayollarimizga ko‘maklashish, ularni qo‘llab-quvvatlash. Ularga hunarmandchilik, tadbikorlikni o‘rgatamiz, shu faoliyat bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, ishini rivojlantirishga yordam beramiz. Asosan mahallalardagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj, “Ayollar daftari”da ro‘yxatga olingan xotin-qizlar bilan ishlab, kam imkoniyatlardan yuqori natijaga erishishga harakat qilamiz. Tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari bilan hamkorlikda ishlaymiz va ularning takliflari, mahallalardan berilgan ro‘yxat asosida hunarmandchilik va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlar uchun joylarda 36 soatlik o‘quv kurslar tashkil etamiz. Dars mashg‘ulotlari malakali trening o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi. Mazkur kurslarni bitirgan xotin-qizlarimizga sertifikat beramiz va ular bu sertifikat bilan tijorat banklaridan hech qanday kafil va garovsiz, imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Markaz sertifikati kredit uchun kafil hisoblanadi.  

Markaz tashkil etilgan dastlabki yilda 396 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan bo‘lsa, keyingi yillarda bu raqam muttasil o‘sib bordi va 2024 yilda 8726 nafar xotin-qiz tikuvchilik, kashtachilik, oddiy metaldan zamonaviy taqinchoqlar yasash, pazandachilik, kompyuter savodxonligi, chorvachilik, parrandachilik, issiqxona tashkil etish, gulchilik, asalarichilik kurslarini muvaffaqiyatli bitirdi.  

O‘tgan yili markazda o‘qigan ayollarning 5572 nafari ishga joylashtirilgan, o‘zini-o‘zi band qilgan. 400 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. 584 nafar xotin-qiz kredit olib o‘z faoliyatini boshlagan.  

– Bu yil ham 12 yo‘nalish hamda “Sayxunobod tajribasi” asosida o‘quv dasturlari tayyorlanib, tuman va shaharlarda “Ayollar daftarida”da ro‘yxatga kiritilgan 7200 nafar opa-singilimizni kasbga yo‘naltirish va ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan, – deya so‘zida davom etadi Sayyora Salimova. – Yilning o‘tgan sakkiz oyida 3791 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlikka, 1221 nafari “Sayxunobod tajribasi” bo‘yicha oilaviy tadbirkorlikka o‘qitildi.  Shu paytgacha 2805 nafarining  bandligi ta’minlandi.  

Bundan tashqari, yil boshidan buyon 500 dan ortiq xotin-qizlar ishtirokida biznes reja tuzish va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha o‘quv va amaliy treninglar tashkil etildi. 120 nafar xotin-qiz o‘zlari tanlagan yo‘nalishlarni muvafaqqiyatli bitirib, zarur bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgach, sertifikatlar berildi va ular shu sertifikat orqali imtiyozli kreditlar oldi. 30 ta yangi oilaviy tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi. Viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi bilan hamkorlikida “Ayollar innovatsiyasi” tanlovi o‘tkazilib, 15 ta g‘olib loyiha hayotga tatbiq etildi.

[gallery-25255]

– Avvaldan tikuvchilik bilan shug‘ullansam-da markaz tashkil etilgan 2019 yilda ilk tinglovchilar qatorida shu yo‘nalishda o‘qib, bu ishni tadbirkorlikka aylantirdim, – deydi Jomboy tumani Halvoyi mahallasida yashovchi Yulduz Qodirova. – Imtiyozli kredit olib, beshta tikuv mashinasi xarid qildim va qo‘ni-qo‘shnilarimni yonimga olib, ko‘rpacha, ko‘rpa tikishni yo‘lga qo‘ydik. Dastlab o‘zimizning mahallamiz va atrofdagi qishloqlarga mahsulotimizni sotgan bo‘lsak, hozir internet orqali respublikamiz bo‘yicha buyurtmalar olyapmiz. Markazning yordami bilan uyda issiqxona tashkil qildim, gulchilik bilan shug‘ullanyapman. Tumanimizdagi korxona va tashkilotlarga yilning to‘rt faslida gul yetkazib beramiz. Bu ishda ham mahallamizdagi besh nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlashga erishdim. Lekin bu bilan cheklanib qolmoqchi emasman, boshqa yo‘nalishlar hisobiga tadbirkorlik faoliyatimni kengaytirish niyatidaman. Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi bilan yaqin hamkorlik menga ko‘plab ishbilarmon ayollar bilan tanishish, ular bilan tajriba almashish imkoniyatini berdi. Bir vaqtlar o‘rganuvchi edim, endi men ham boshqalarga o‘z tajribalarimni o‘rgatyapman.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari