English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
36 nafar mas’ul ma’muriy javobgarlikka tortildi
13:10 / 2023-02-15

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan Xalq qabulxonalariga 2022 yilda jismoniy va yuridik shaxslardan 147 ming 650 ta murojaat kelib tushgan. Bu murojaatlarning 15354 tasi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bevosita Xalq qabulxonalari berilgan.

– Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash, qanoatlantirish darajasini oshirish yuzasidan zarur choralar ko‘rilishi natijasida muammoli masalalarning aksariyati hokimliklar va mas’ul idoralar tomonidan hal etildi, – deydi Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Mamatjon Turdiyev. – Shu bilan birga murojaatlar bilan ishlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishi holatlari ham kuzatildi va bu haqida tegishli tashkilotlarga taqdimnoma, takliflar hamda hududiy Kengashlarga axborotlar kiritildi. Natijada murojaatlarga e’tiborsiz qaragan shaxslarga nisabatan 346 ta ogohlantirish, 90 ta hayfsan, 25 ta lavozimdan ozod etish, 4 ta oylik ish haqidan jarimaga tortish va 36 ta ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rildi.  

Sayyor qabullar aholi bilan ochiq muloqotning samarali usuliga aylanmoqda. O‘tgan yil viloyatda sektor rahbarlari tomonidan joylarda 3817 ta sayyor ommaviy qabullar o‘tkazilib, 36 ming 684 nafar fuqarodan 38 mingdan ortiq murojaat qabul qilindi. E’tiborlisi, bu murojaatlarning 24600 dan ortig‘i, ya’ni 64 foizi ijobiy hal etildi.  

Misol uchun, viloyat hokimi, birinchi sektor rahbari E.Turdimov tomonidan Pastdarg‘om tumani olis mahallalarida o‘tkazilgan sayyor qabuli natijasida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, aholi murojaatlari asosida mahallalarda elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida 361 dona beton tayanch ustun olib kelib o‘rnatildi. 2,5 kilometr suv tarmog‘i tortirilib, bitta suv qudug‘i qazildi. Olti mahalladagi suv inshootlari ta’mirlandi.  

Bu kabi ishlar Payariq, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Nurobod, Ishtixon, Bulung‘ur va boshqa tumanlarda ham olib borildi. Ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og‘ir hudud hisoblangan 83 mahallaning 633 kilometr ichki yo‘llariga tosh-shag‘al yotqizildi, 278 kilometr ichimlik suv tarmog‘i, 292 dona ichimlik suv inshootlari, ya’ni quduq, minora va nasoslar ta’mirlandi. Aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 9012 dona elektr ustunlar yangisiga almashtirildi va eskilari ta’mirlandi, 1373 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 1285 dona transformator ta’mirlandi. Bu ishlar natijasida 40 ta mahalla og‘ir hudud toifasidan chiqarildi.

Viloyat hokimi tomonidan Payariq tumanining eng chekka G‘allakor mahallasida o‘tkazilgan sayyor qabul davomida tushgan murojaatlar asosida hududdagi 894 dona tayanch beton ustunlari, 11 dona transformator, 20 dona tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi, 1,8 kilometr ichki yo‘l asfalt qilindi, 8 kilometr tuproq yo‘l shag‘allashtirildi, 156 dona yangi maishiy gaz ballonlar berildi, suv inshooti ta’mirlandi hamda maktab o‘quvchilari uchun avtobus ajratildi. Ayni paytda bunday keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari Ishtixon tumanidagi Oqqo‘rg‘on mahallasida amalga oshirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tgan yil Xalq qabulxonalari va hokimliklar, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar agentligi va homiylar yordami bilan 953 ta nogironlik aravachasi va xodunok, 287 juft qo‘ltiqtayoq, 324 nafar fuqaroga hassa va 359 nafar fuqaroga eshitish moslamasi berilgan. 2000 nafarga yaqin fuqaro tibbiyot muassasalarida bepul davolanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 7100 nafardan ortiq fuqaroga dori-darmon 1500 nafarga yaqin pensioner va nogironlarga sanatoriylarga yo‘llanmalar ajratildi.

O‘tgan yil Xalq qabulxonalarida ilk bor mahalliy Kengashlar deputatlari tomonidan ham sayyor qabullar o‘tkazildi. Mazkur qabullar davomida yuridik va jismoniy shaxslardan 1134 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, 867 tasi, ya’ni 76 foizi ijobiy hal etildi. Albatta, o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar fuqarolarning davlat organlariga va o‘zlari saylagan deputatlarga ishonchini oshirib, joylarda yuzaga kelayotgan muammolarga o‘z vaqtida yechim topishga, muhimi, aholining roziligiga xizmat qilmoqda.

G‘olib Hasanov,

O‘zA