Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi YHXB xodimlari bilan hamkorlikda qarzdorlarga tegishli avtotransport vositalarini aniqlash va qidirish bo‘yicha keng qamrovli reyd tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Olib borilgan nazorat tadbirlari davomida turli toifadagi qarzdorlarga tegishli 123 ta avtotransport vositasi aniqlanib, belgilangan tartibda jarima maydonlariga joylashtirildi. Qonuniy choralar ko‘rilishi natijasida jami 352 million so‘m miqdoridagi qarzdorlik undirildi.
Tadbirlar jarayonida fuqarolarning mol-mulkiga nisbatan qo‘llanilgan cheklovlar tushuntirildi va ularga mavjud qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish imkoniyati yaratildi. Ayrim holatlarda qarzdorlar joyida to‘lovlarni amalga oshirib, transport vositalarini jarima maydoniga joylashtirilishining oldi olindi.
Asosiysi, bunday reyd tadbirlari Sirdaryoda muntazam ravishda davom ettirilmoqda. Ushbu choralar nafaqat qarzdorlarning qonuniy majburiyatini ta’minlashga, balki aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish va qonun ustuvorligini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri