Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
351,1 million dollarlik mahsulot eksport qilindi
18:07 / 2020-12-19

Namanganda davom etayotgan sessiyada hokim investitsiya jalb etish va mahalliylashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga e’tibor qaratdi.

Qayd etilishicha, joriy yil 12,4 trillion so‘mlik investitsiya o‘zlashtirib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 102 foiz o‘sishga erishildi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga asosan umumiy qiymati 7,8 trillion so‘mlik 1 ming 707 ta loyiha ishga tushirilib, 29 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shu bilan birga, loyihalar ishga tushirilishi natijasida 2,1 trillion so‘mlik yangi ishlab chiqarish quvvatlari va 127 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkoniyati yaratildi.

Misol uchun, Namangan shahridagi "Kadeer Parts industry" MCHJ tomonidan 45,4 milliard so‘mlik avtomobillarga yoritish va plastmassa ehtiyot qismlari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilishi natijasida 150 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.

Xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishda ham sezilarli natijalarga erishilmoqda. Xususan, yaratilgan qulay investitsiya sharoitlari natijasida joriy yil 275,3 million dollar xorijiy investitsiya mablag‘i o‘zlashtirildi.

Misol uchun, Chust tumanidagi “TAI CHANG SPECIAL STEEL” MCHJ tomonidan har-xil turdagi metoloprakatlar ishlab chiqarish loyihasi doirasida 16,3 million dollar o‘zlashtirildi.

Kichik sanoat zonalarini rivojlantirish bo‘yicha 10 ta kichik sanoat zonasida qiymati 761,8 milliard so‘mlik investitsiya jalb qilinib, 115 ta loyiha ishga tushirildi va 6 ming 791 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Misol uchun, Yuksalish kichik sanoat zonasida "FLAT TILE" MCHJ tomonidan 27,6 milliard so‘mlik kafel-keramika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi ishga tushirilishi bilan 410 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, 30 ta kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 5,1 trillion so‘mlik 685 ta istiqbolli loyiha joylashtirilib, 31 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilab olindi.

Joriy yilda 351,1 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Jumladan, sanoat mahsulotlari eksporti o‘tgan yilga nisbatan 131 foizga ortib, 185 million dollarni hamda meva-sabzavot eksporti 110 million dollarni tashkil etdi. Pandemiya sharoitiga qaramasdan 44 ta davlatga 598 turdagi mahsulot eksporti amalga oshirildi.

Nurillo NASRIEV, O‘zA