Xabar berganimizdek, 13 avgust kuni poytaxtimizdagi «Humo arena» saroyida bo‘lib o‘tadigan professional boks musobaqasida ishtirok etish uchun bir qator taniqli sportchilar, o‘nlab xorijiy mamlakatlarning boks mutaxassislari, referilar yurtimizga kelmoqda.
Kuni kecha ushbu boks kechasida jang o‘tkazadigan "Tokio-2020" olimpiadasi g‘olibi va jahon chempioni, braziliyalik Ebert Souza Konseysao Toshkentda kutib olindi.
– Xabaringiz bor, O‘zbekiston professional boks federatsiyasi yaqinda Butunjahon boks ittifoqi (WBC)ga a’zolikka qabul qilindi. Bu esa yurtimizda rasmiy musobaqalar, seminarlar o‘tkazishga yo‘l ochdi.
«Humo arena»da o‘tadigan turnirda o‘nlab sportchilar bilan janglarni boshqarib borish uchun xorijlik hakamlar ham Toshkentga tashrif buyuradi. Bundan tashqari, turnir doirasida referilar uchun xalqaro seminar o‘tkaziladi. Seminar mashg‘ulotlarini 350 dan oshiq chempionlik janglarini boshqargan italiyalik taniqli referi Guido Kavaleri olib boradi, – deydi O‘zbekiston professional boks federatsiyasi raisi Umid Yakubov
Musobaqa dasturiga asosan ertaga, 11 avgust kuni poytaxtimizdagi "Hilton" mehmonxonasida referilar uchun seminar mashg‘ulotlari boshlanadi.
13 avgust kuni esa hakamlar imtihon topshiradi. Undan muvaffaqiyatli o‘tgan referilarga WBC sertifikatlari taqdim etiladi. Mazkur seminarda qatnashish uchun 22 nafar referi ro‘yxatdan o‘tgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, Guido Kavaleri 1998 yili xalqaro EBU WBO, 1999 yildan WBC hakami hisoblanadi. Havaskor boksda 1500, professional ringda esa 500 dan ziyod janglarni boshqargan.
2010-2014 yillar davomida Italiya boks federatsiyasi hakamlar qo‘mitasi rahbari lavozimida ishlagan Kavaleri hozirgi paytda xalqaro toifadagi hakam va referilarni tayyorlash ishlariga mas’ul etib belgilangan. U Swiss Boxing, European Boxing Union, World Boxing Council, Nyu-York shtati Atletik komissiyasi, Nyu-Jersi shtati Sport nazorat uyushmasi, Nevada shtati Atletik komissiyasi kabi nufuzli sport tashkilotlarining a’zosi hisoblanadi.
Referilik faoliyatida Kavaleri Tayson Fyuri - Dillian Uayt, Floyd Meyvezer - Konor MakGregor, Gennadiy Golovkin - Kell Bruk, Vitaliy Klichko - Shennon Briggs, Menni Pakyao - Erik Morales, Oskar De La Xoyya - Rikardo Mayor kabi mashhur bokschilar ishtirokidagi 30 ga yaqin yorqin janglarni nazorat qilib borgan.
T. Ro‘ziyev. O‘zA