Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
35 nafar talaba maxsus stipendiyani qo‘lga kiritdi
15:23 / 2023-01-16

Ayonki, har qanday davlatning istiqboli, xalqning iqboli o‘sib kelayotgan avlodning ong-u tafakkuri, shijoati, intellektual va jismoniy salohiyatiga bog‘liq. Shu bois kelajagimiz egalarining muammolari, dunyoqarashi, istak va intilishlari bilan qiziqish hamda ularga imkoniyat yaratish, imtiyoz va rag‘bat berish yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Darhaqiqat, bugungi kunda dunyoning eng yaxshi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, jahonning eng rivojlangan mamlakatlarida yashab turib, nufuzli xalqaro tashkilotlarda yoki transmilliy kompaniyalarda boy tajriba orttirayotgan yoxud fan, tibbiyot, san’at va biznesda katta yutuqlarga erishayotgan yoshlarimiz talaygina.

Ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, duch kelayotgan muammolarini bartaraf etishda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi tomonidan bir qator xayrli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, 2022 yilda assotsiatsiyasi ko‘plab loyihalarni amalga oshirdi. Assotsiatsiyaning birgina “Xavfsiz migratsiya” loyihasi doirasida mamlakatimizning 37 ta tuman va 10 shahrida xizmat safari tashkil etildi. 122 nafardan ortiq tuman yoshlar yetakchilari va faol yoshlar tashkilot dasturiga muvofiq xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya tartib-qoidalari bo‘yicha o‘qitildi.

Shu o‘rinda aytish kerak, davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalar bilan birgalikda xorijdagi o‘zbekistonlik yoshlar uchun sayyor qabullar tashkil etish topshirig‘i berilgan edi. “Tashkilot qabullari” loyihasi doirasida o‘tgan yili xorijda tahsil olayotgan yoshlarimiz uchun sayyor qabullar o‘tkazildi. Shu bilan birga, delegatsiyalarning turli tashriflari doirasida qator davlatlarning o‘ttizdan ortiq shaharlarida o‘tkazilgan uchrashuvlarda ikki mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Uchrashuvlarda yoshlarimizni qiynayotgan muammolar o‘rganilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatildi, yoshlardan tushgan ayrim takliflar tegishli davlat organlariga yetkazildi.

Yana bir xayrli ish - “Musofir” loyihasi doirasida xorijda ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan sakki nafar og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan yigit-qizlarning vatanga qaytishi uchun moddiy yordam ko‘rsatildi. Xorijdagi o‘zbekistonlik vatandoshlarni birlashtirish, aloqa o‘rnatish uchun qulay sharoitlar yaratish, xorijda og‘ir ahvolda qolgan vatandoshlarga moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida “Musofir” mobil ilovasi dasturi ishlab chiqildi, hozir uni ishga tushirishga tayyorgarlik olib borilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi filiali markaziga 2868 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning aksariyati xorijdan o‘qishini O‘zbekistonga o‘tkazish jarayonida aldanib qolgan, huquqiy muammolarga duch kelgan yoshlar va konsalting firmalaridan kelgan.

Eng muhimi assotsiatsiya tomonidan xorijiy mamlakatlarda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirishga qaratilgan “Iste’dodli vatandoshlar” tanlovini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tanlov ikki bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqichda 228 nafar yoshlar orasidan 47 nafar iqtidorli yoshlar saralab olindi. Ikkinchi bosqichda komissiya a’zolari va tanlov ishtirokchilari o‘rtasida onlayn tarzida suhbatlar tashkil etildi. Natijada dunyoning o‘ndan ortiq davlatida tahsil olayotgan 35 nafar bilimli va iqtidorli talaba tanlab olindi. G‘oliblar to‘rt oy davomida maxsus stipendiya bilan ta’minlanadilar.

Jizzaxlik Rustam Pardaboyev g‘olib yoshlardan biri. U O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining “Xoreografiya san’ati” fakulteti “San’atshunoslik” ta’lim yo‘nalishining 4-bosqich talabasi. U o‘qish bilan birga, qisqa ijodiy faoliyati davomida 80 dan ortiq faxriy yorliq, diplom, sertifikat hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlangan. Yigirmaga yaqin ilmiy, ilmiy-uslubiy va elikka yaqin ommabop publitsistik maqolalar muallifi.

Faol izlanuvchan yoshlardan biri bo‘lgan Rustam Pardaboyev, shuningdek, yurtimizda va xorijda o‘tkazilgan ko‘plab nufuzli tanlovlar, olimpiadalar g‘olibi bo‘lgan. Jumladan, 2021 yil Qozog‘iston poytaxti - Ostona shahrida MDH davlatlarining yosh  olimlari, tadqiqotchilari, talabalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Yilning eng yosh olimi - 2021” xalqaro tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, oltin medal bilan taqdirlangan.   2022 yilda esa “Yilning eng yaxshi ilmiy tadqiqotchisi” esdalik nishonini qo‘lga kiritdi. Quvonarlisi, R.Pardaboyev 2022 yilda “Iste’dodli vatandoshlar” stipendianti bo‘ldi.

Yosh olim hozirgi kunda ilmiy rahbari filologiya fanlari nomzodi, O‘zMTRK katta muharriri H.Hamroyeva bilan birgalikda “O‘zbek milliy raqs san’atini targ‘ib etishda veb-sayt va multimedia mahsulotlarining to‘plamini yaratish” mavzusidagi  loyiha ustida ish olib bormoqda.

- Yoshlarga, tengdoshlarimga eng avvalo  ko‘proq kitob o‘qishni, xorijiy tillarni o‘rganishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim, - deydi Rustam Pardaboyev. –  Chunki, dunyoni jaholatdan faqat ilm-ma’rifat qutqaradi. Bunga esa biz faqat kitob orqali erishamiz. Yurtimiz sha’nini yuksaltirish, uni butun dunyoga tanitish biz kabi yoshlar qo‘lida. Men ham  shu ezgu maqsadga bel bog‘laganman. Turkiya OAVlarida, xususan televideniyesida “O‘zbek an’anasi” ma’naviy-ma’rifiy loyihani yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganman.

Go‘zal Sattorova, O‘zA