Bugungi kunda yurtimizning har bir hududida keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, ko‘rkam bino va inshootlar qad ko‘tarmoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, qurilish ishlari hajmi 2016 yilga nisbatan qariyb 4,5 barobarga oshgan. Joriy yilning yanvar-avgust oylarida esa 93,3 trillion so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan.
Qurilish-bunyodkorlik sohasidagi ishlar "O‘zbekiston – 2030" strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar doirasida izchil davom ettiriladi. Strategiyada Samarqand va Namangan shaharlarini «millionlik shaharlar»ga aylantirish, katta shahar va tumanlar sonini 28 taga yetkazish, barcha aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish, 2030 yilga qadar 1 million xonadonli uy-joylar qurish, "Yangi O‘zbekiston" massivlari sonini 100 taga yetkazish, aholi zich bo‘lgan hududlarda «bo‘yiga o‘stirish» tamoyili asosida ko‘p qavatli uy-joylar barpo etish kabi maqsad-vazifalar belgilangan.

Shuningdek, rivojlangan davlatlarning bino-inshootlar bo‘yicha qurilish xavfsizligi me’yorlari asosida yangi standartlarni joriy qilish, qurilishda montaj ishlarini baholash, tekshirish va qabul qilish tizimiga xususiy sektorni keng jalb qilish va boshqa ko‘plab ustuvor vazifalar o‘z aksini topgan.
Ushbu yo‘nalishdagi maqsad-vazifalar, qurilishdagi sifat va xavfsizlik, aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash masalalari “OʻzLiDeP PRESS KLUBI”ning kuni kecha bo‘lib o‘tgan sessiyasida qizg‘in muhokama qilindi. Unda deputatlar, vazirlik va idoralar vakillari, soha mutaxassislari va olimlar qurilish sohasida olib borilayotgan ishlar, muammo va kamchiliklar, kelgusidagi vazifalar xususida fikr almashdi.
Tadbirda qayd etilganidek, joriy yilda jami 90 ming 923 ta xonadonli 2 ming 12 ta quriladigan uylarning manzilli ro‘yxati shakllantirilgan. Jumladan, 38 ta “Yangi O‘zbekiston” massivida 30 ming 639 ta xonadondan iborat 837 ta uylar, uy-joyga talab yuqori bo‘lgan hududlarda 60 ming 284 ta xonadonli 1 ming 175 ta uylarni qurish belgilangan. Bugungi kunga qadar "Yangi O‘zbekiston" massivlarida 6 ming 157 ta xonadonli 221 ta uy-joy, uy-joyga talab yuqori bo‘lgan hududlarda 18 ming 244 ta xonadonli 389 ta uy-joy foydalanishga topshirilgan.

Tadbirda barcha aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Soha vakillarining qayd etishicha, respublikamizdagi mavjud 1 ming 187 ta shahar va shaharchalardan 342 tasining bosh rejalari mavjud. 2018 yilgacha 153 ta shahar va shaharchalarning bosh rejalari mavjud edi. 2023-2027 yilga mo‘ljallangan 5 yillik dastur qabul qilingan bo‘lib, unda 9 ta shaharning bosh rejasiga tegishli tuzatishlar kiritish ko‘zda tutilgan. Boisi, "Yangi O‘zbekiston" massivlarini barpo etish ishlari yo‘lga qo‘yilayotgani shaharlarning bosh rejalarida buni belgilab qo‘yishni taqozo qiladi.
Bundan tashqari, mazkur dasturga asosan 2027 yilgacha 217 ta shaharcha, 518 ta mahallalarning bosh rejalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Joriy yilning o‘zida 43 ta shaharcha, 94 ta qishloq aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishi belgilangan.
Muhtarama Komilova, O‘zA