Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
3,4 foiz avtotransportlarda zararli tutunlar me’yordan yuqori
10:49 / 2021-10-05

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Ozod Rajabov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, poytaxtimizda 10 sentyabrdan 10 oktyabrga qadar o‘tkazilishi belgilangan “Toza havo” tadbiri davomida 270 mingdan ziyod avtotransport vositalarini ekologik nazoratdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ayni paytga qadar tekshirilgan avtotransport vositalarining 9 mingdan ortig‘ida zararli tutunlar me’yorlardan yuqoriligi aniqlanib, haydovchilarga ogohlantirish berilgan. Ikki mingdan ortiq avtomobildan chiqayotgan ifloslantiruvchi moddalar normadan ortiq bo‘lgani uchun haydovchilar jarimaga tortilgan. 3 mingga yaqin avtotransport vositalari normadan ortiq hollarni bartaraf etish uchun vaqtincha to‘xtatilib, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga yo‘naltirilgan.

Qayd etilishicha, “Toza havo” tadbiri samaradorligini oshirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda avtotransport vositalarining ekologik holatini nafaqat avtoyo‘llar yoki YPX maskanlarida, balki har yili o‘tkazilayotgan majburiy texnik ko‘rik chog‘ida ham olib borilishiga kelishildi.

Mazkur tadbir davomida YPX maskanlari, ko‘chalar hamda avtokorxonalarga kirish-chiqish joylarida avtotransport vositalari tekshirilib, ularda ishlatilgan gazlarida ifloslantiruvchi moddalar davlat standartlarida belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan taqdirda vaqtincha to‘xtatib ta’mirlash evaziga 102 tonna ifloslantiruvchi moddalar atmosferaga chiqarilishining oldi olingan.

Majburiy texnik ko‘rik doirasida 43 ming 400 ga yaqin avtotransport vositalarining ifloslantiruvchi moddalari miqdori ekologik nazoratdan o‘tkazilgan. Mazkur texnik ko‘rik jarayonida 200 ga yaqin avtotransport vositalarida ifloslantiruvchi moddalarning normadan ortiq holati aniqlanib, bartaraf etish uchun avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga yo‘naltirish choralarini ko‘rilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA