Ekvador politsiyasi eksportga mo‘ljallangan banan partiyasidan qariyb 8,8 tonna kokain topdi. Yuk Belgiyaga jo‘natilishi kerak edi, deyiladi BBC News agentligi tarqatgan xabarda.
Banan joylangan qutilar orasidan topilgan qora dori agar manzilga yetib borganida 330 million AQSH dollariga baholanishi mumkin edi.
BBC News agentligining ta’kidlashicha, Ekvador qo‘shnisi Peru va Kolumbiyada ishlab chiqarilayotgan kokainning asosiy tranzit mamlakatiga aylangan. O‘tgan yili mamlakatda 200 tonnadan ziyod narkotik modda musodara qilingan edi.
Ekvador dunyodagi eng yirik banan eksportchisi hisoblanadi, shu bois kontrabandachilar ko‘p hollarda taqiqlangan yuklarini banan joylangan qutilar orasiga yashirib, Yevropa va boshqa mintaqalarga jo‘natishga urinishadi.
Mahalliy politsiyaning ushbu so‘nggi “o‘lja”si Belgiyaga jo‘natilayotgan konteynerlar ichidagi qutilar orasida topilgan.
Belgiya Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida eng ko‘p kokain musodara qilingan mamlakatga aylangan, Antverpen bandargohi noqonuniy yuklar kelib tushadigan asosiy manzil hisoblanadi.