Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
33 ta holatda tuman hokimliklari tomonidan yer berish tartibi buzilgan
17:06 / 2020-11-25

Ma’lumki, hozirgi kunda qishloq xo‘jaligida 20 mln. gektardan ortiq, shu jumladan 3,2 mln. gektar sug‘oriladigan ekin yer maydonlaridan foydalanib, aholining ehtiyoji uchun oziq-ovqat mahsulotlari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur xom ashyo yetishtirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi «Yer kodeksi»ga muvofiq yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining asosiy vazifalari hozirgi va kelajak avlod manfaatlarini ko‘zlab yerdan ilmiy asoslangan tarzda, oqilona foydalanish va uni muhofaza qilishni, tuproq unumdorligini tiklash va oshirishni, tabiiy muhitni asrash va yaxshilashni, xo‘jalik yuritishning barcha shakllarini teng huquqlilik asosida rivojlantirish uchun sharoit yaratishni, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida yer munosabatlarini tartibga solishdan, shuningdek bu sohada qonuniylikni mustahkamlashdan iborat.

Yerga oid qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda eng avvalo fuqarolarga, jamiyat va davlatga yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash, qonun buzilishini davom etishini oldini olish chorasini ko‘rgan holda aybdor shaxslarning javobgarlik masalasini hal etish ham muhim ahamiyatga ega.

Joriy yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida «O‘zagroinspeksiya» tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida jami 5183 ta holatda 27 ming 673 gektar maydonda qonun buzilish holatlari aniqlangan.

Jumladan, 1369 ta holatda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 2123 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, noqonuniy uy-joy va boshqa qurilishlar qurib olish, 3414 ta holatda 17561 gektar yerlardan belgilangandan boshqa maqsadlarda foydalanish yoki ularni yaroqsiz holga tushirish, 33 ta holatda 368 gektar tuman hokimliklari tomonidan yer berish tartibini buzish, 70 ta holatda 100 gektar foydalanilgan yerlarni o‘z vaqtida qaytarmasdan foydalanish, 297 ta holatda 7521 gektar xo‘jalik ichidagi yer tuzish loyihalaridan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish va davlat yer kadastri ma’lumotlarini buzib ko‘rsatish kabi qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Mazkur aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va choralar ko‘rish maqsadida, noqonuniy holatni sodir etgan shaxslar va yer egalariga 3056 ta holatda ogohlantirish xati, bartaraf etishlarini so‘rab bajarilishi majburiy bo‘lgan 66 ta holatda ko‘rsatma, mahalliy davlat hokimiyati organlariga 360 ta holatda taqdimnomalar kiritilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalariga asosan 2390 ta qonun buzilishi holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqishlik uchun sudlarga, 263 ta holatda huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilishi ta’minlandi.

Sohadagi qonunchilik ijrosi yuzasidan qishloq xo‘jaligi yerlarini asrab avaylash, yerdan maqsadli va oqilona foydalanish, ekin maydonini muomaladan chiqarmaslik ustidan tizimli nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, buning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.