Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
33 nafar bolaning xatna to‘yi o‘tkazildi
14:29 / 2024-08-29

Toshkent viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston bolalar tashkiloti hamkorlikda tuman-shaharlardagi boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarning 33 nafariga xatna to‘yi o‘tkazib berdi.

Mustaqilligimizning 33 yillik bayrami munosabati bilan “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur xayriya to‘yida Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Sultonbekov so‘z olib, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalarga har tomonlama ko‘mak berish borasidagi amaliy ishlarni, savobli va xayrli tashabbuslarni alohida e’tirof etdi.  

To‘y bolalarning har biriga tashkilotchilar, mahallalardagi yoshlar yetakchilari hamda tadbirkorlar homiyligida velosiped, bolalar mashinasi, bosh-oyoq sarpo hamda sovg‘alar ulashildi. Nuroniy otaxonlar el-yurtga tinchlik, to‘y bolalarga esa baxt-saodat tilab duoga qo‘l ochdi. San’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar davraga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.  

– Bugun bayram arafasida farzandim Nurdavlatxo‘jani do‘stlari qatorida xatna to‘yi bo‘lganidan xursandman, – deydi Yangiyo‘l tumani Xo‘jaobod mahallasidan kelgan Manzura Jo‘rayeva. – Ikki qiz va bir nafar o‘g‘ilni otasiz tarbiyalamoqdaman. Bundan quvongan o‘g‘limni “Hali mendan faxrlanib yurasiz”, degan so‘zini eshitib ko‘zimga yosh keldi. Ushbu to‘y barcha bolajonlar qalbida mehr-saxovat ramzi sifatida bir umrga saqlanib qoladi.  

A.Musayev, O‘zA.