English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
33 ming 500 dan ziyod avtoraqam shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi
22:14 / 2023-07-28

Qaror va ijro

Bugun “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatining markaziy ofisida o‘tkazilgan matbuot anjumani birja savdolari va elektron tijorat sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va istiqbollariga bag‘ishlandi.

Unda “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Zulfiddin Kamolov va boshqalar 2023 yilning I yillik yakunlari tahliliga urg‘u berishi barobarida istiqboldagi rejalarga ham asosiy e’tibor qaratdi. 

So‘zga chiqqanlarning qayd etishicha, o‘tgan olti oyda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2022 yilning mos davriga nisbatan 8 foizga o‘sib, 68,6 trillion so‘mni tashkil etgan. Tuzilgan bitimlarning qariyb 70 foizi birja savdolariga, qolgan qismi, ya’ni, 30 foizi elektron tijorat savdo tizimlariga to‘g‘ri kelgan.

– Tahlil davrida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida 353,3 million AQSH dollarlik tashqi savdo bitimlari tuzildi va bu o‘tgan yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 53 foizga ko‘pdir, – dedi “O‘zRTXB” AJ bosh makleri Islombek Ibrohimov. – O‘tgan davrda o‘tkazilgan birja savdolari natijasiga asosan birjaning asosiy tovar segmentlarida barqaror holat shakllangan. Xususan, birjada texnik oltingugurtning o‘rtacha narxi uning maksimal darajasiga nisbatan 2,5 marotabaga, paxta yog‘i  39 foizga, karbamid va suyultirilgan gaz 37 foizga, ko‘mir 34 foizga, polietilen  21 foizga, paxta tolasi va shakar 19 foizga, sement  11foizga, un  10 foizga, kalsiylangan soda  9 foizga va mis o‘ramasi 7 foizga pasaydi.

[gallery-12941]

Tadbirda “O‘zRTXB” AJ boshqarma boshlig‘i Mansur To‘ychiyev davlat xaridlari va elektron tijorat savdo tizimlarida joriy etilgan yangiliklar xususida to‘xtalib o‘tdi. 

– 2023 yil yanvar-iyun oyida birjaning davlat xaridlari bo‘yicha xarid.uzex.uz elektron savdo tizimida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2022 yilning mos davriga nisbatan 29,4 foizga oshib, 20,3 trillion so‘mni tashkil qildi. Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilari mablag‘larining tejalishi 66,2 foizga o‘sib, 3,9 trillion so‘mga teng bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz elektron savdo tizimida 138,3 milliard so‘mlik 33,5 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi, – dedi M.To‘ychiyev.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 maydagi “Yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.

– Ushbu qarorga ko‘ra, Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash xalqaro jamg‘armasi (I-REC) bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasida “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etilmoqda, – dedi “O‘zRTXB” AJ matbuot kotibi Ҳикматулло Tillaboyev. –Mazkur sertifikatlar sotilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida alohida “yashil energetika seksiyasi” tashkil qilinib, “yashil energiya” sertifikatlari bo‘yicha dastlabki birja shartnomalari “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan ochildi. Mazkur mexanizmning joriy etilishi qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini shakllantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z mahsulotlarini Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlar bozorlariga eksport qilishda imtiyozlardan foydalanish imkonini beradi.

Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA