Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
322 korxonada 165 turdagi xalqaro standartlar joriy etildi
14:53 / 2017-11-22

Mamlakatimizda mahsulot sifatini boshqarishning zamonaviy tizimlarini joriy etish, milliy etalonlar bazasini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor mahalliy mahsulotlarning xalqaro standartlarga raqobatbardoshligini oshirishda yuksak samaralar bermoqda.

Mamlakatimizda mahsulot sifatini boshqarishning zamonaviy tizimlarini joriy etish, milliy etalonlar bazasini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor mahalliy mahsulotlarning xalqaro standartlarga raqobatbardoshligini oshirishda yuksak samaralar bermoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 28-apreldagi “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Mazkur hujjat asosida ISO xalqaro tashkiloti standartlarini qabul qilish yanada mustahkamlandi, sinov va o‘lchash laboratoriyalari moddiy-texnik bazasi yaxshilandi. Xalqaro sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish bo‘yicha korxonalarga uslubiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Mavjud etalonlar bazasi ayrim sanoat tarmoqlarida foydalanilayotgan yuqori aniqlikdagi asboblarning metrologik tekshiruvini to‘liq qamrab olish samaradorligini ta’minladi.

Mutaxassislarning fikricha, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi milliy normativ-huquqiy bazaning xalqaro talablarga mosligi, sinov va o‘lchash laboratoriyalari moddiy-texnik bazasining holati mahalliy mahsulotlar sifati hamda xorijiy bozordagi raqobatbardoshligini ta’minlashning muhim omillaridan biri sanaladi. Shunga muvofiq, mamlakatimizda sohaning xalqaro talablarga mos milliy normativ-huquqiy bazasini yaratish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Qabul qilingan qonunlar ichki bozorni sifatsiz mahsulotlardan himoya qilish hamda mamlakatimiz laboratoriyalarida o‘tkazilgan sinovlar natijalarining xalqaro darajada tan olinishini ta’minlashda muhim huquqiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.

2017-2020-yillarda “O‘zstandart” agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturiga muvofiq standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalarida qonuniy baza yanada takomillashtirilmoqda. Mahalliy mahsulot ishlab chiqarishda xalqaro standartlar va texnik reglamentlar joriy etilib, mahsulotlarning zamonaviy talablarga muvofiqligi ta’minlanayotir.

– Ushbu hujjat soha rivojini yangi bosqichga ko‘tardi, – deydi Surxondaryo viloyati standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi boshlig‘i G‘.Karimov. – Qarorga muvofiq viloyatdagi don mahsulotlarini qayta ishlash, yog‘-moy, aroq va aroq mahsulotlari ishlab chiqarish, charm-poyabzal kabi 123 korxonaga 8 turdagi umumiy va maxsus texnik reglament qabul qilindi. 322 korxonada 165 turdagi xalqaro standartlar joriy etildi. Shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi, mahsulotlar va xizmatlar xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilovchi normativ hujjatni joriy etish bo‘yicha joylarda amaliy seminarlar tashkil etilib, texnik reglamentning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirilmoqda.

Eksport qiluvchi korxonalarda mahsulot sifatini boshqarishning zamonaviy tizimlarini joriy etish va sanoat mahsulotlarining xalqaro standartlarga muvofiqligini sertifikatlashtirish viloyatning eksport salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

– O‘tgan yili viloyatda beshta eksportyor korxona sifatni boshqarish tizimi bo‘yicha faoliyat yuritgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida 27 eksport qiluvchi korxonada sifatni boshqarish tizimi joriy etilib, sertifikat topshirildi, – deydi Surxondaryo viloyati sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi bo‘lim boshlig‘i F.Hamdamov. – Korxonamiz qoshida eksport qiluvchi korxonalarga mahsulotni sertifikatlashtirish masalasida ko‘maklashadigan “Mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish” byurosi tashkil etilgan. Zamonaviy uskunalar, namunaviy o‘lchov vositalari xarid qilindi. 4 turdagi 26 xil o‘lchov vositalarini qo‘shimcha qiyoslash o‘zlashtirildi. Viloyat markazidan olis tumanlarda elektr hisoblagichlarni qiyoslash shoxobchalari tashkil etilayotgani ana shu turdagi uskunalarning yaroqliligini qiyoslab, sertifikat berishda iste’molchilarga bir qator qulaylik yaratayotir.

Ayni paytda Sherobod tumanida qiyoslash shoxobchasi faoliyat yuritmoqda. 2018-2019-yillarda Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlarida ham zamonaviy qiyoslash shoxobchalari ishga tushiriladi. Viloyatda avtomobillarga o‘rnatilgan siqilgan gaz ballonlarini sinash laboratoriyasi ham tashkil etilmoqda. Mutaxassislar yurtimiz hamda xorijdagi o‘quv kurslarida malaka oshirib, bilim va ko‘nikmasini mustahkamlayotir.

Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar milliy standartlarni xalqaro talablar bilan moslashtirish, zamonaviy sifat menejmenti tizimini joriy etish, mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va tashqi savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda.