Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Majburiy ijro byurosi tomonidan faoliyatda amalga oshirilayotgan ishlar, tatbiq etilayotgan yangiliklar va ijro etishning muqobil usullari haqida navbatdagi brifing bo‘lib o‘tdi.
Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latovning qayd etishicha, byuro organlari tomonidan o‘tgan 8 oy davomida jami 18,5 trillion so‘mlik undiruvlar amalga oshirilib, amalda bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,3 trillion so‘mga oshgan.
Birgina, davlat foydasiga 6,9 trillion so‘m, tadbirkorlik va boshqa sub’ektlar foydasiga 5,3 trillion so‘m va banklarga 5,1 trillion so‘m mablag‘lar undirildi. Jumladan, fuqarolarimiz manfaatlari uchun 1,2 trillion so‘mdan ortiq undiruvlar amalga oshirildi.
Muqobil ravishda va masofaviy ishlaydigan 15 ta tumanlararo bo‘limlar tomonidan majburiy ijro harakatlari amalga oshirilmasdan hamda fuqarolarning mol-mulklariga daxl qilmasdan 236 ming 800 dan ziyod hujjatlarning ijrosi amalda ta’minlandi.
Shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ijro hujjatlari bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga 361,8 milliard so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 56,6 milliard so‘m ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi.
Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 734,2 milliard so‘mlik aliment pullari undirildi. Shundan 9,2 milliard so‘mlik 46 ta uy-joy va 496 million so‘mlik 6 ta transport vositasi aliment oluvchilarga oldindan to‘lov sifatida berilishi ta’minlandi. 15 ming nafarga yaqin ishsiz aliment to‘lovchilar ishga joylashtirildi va 32 ming 324 ta oilalar yarashtirishga erishildi. Qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 736 nafar shaxs ishga tiklandi hamda to‘lanmay qolgan 43,3 milliard so‘mlik ish haqlari undirildi.
Byuro organlariga kelib tushgan 141 mingdan ortiq murojaatlardan 122 ming 762 tasi hal qilingan bo‘lsa, shundan 60 ming 182 tasi qanoatlantirilgan. Sayyor qabullar orqali 3 ming 137 nafar shaxs qabul qilindi. Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, 4 ming 807 nafar shaxs hamda 2 ming 458 ta avtotransport vositalari topilib, 23 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik undirildi.
Davlat ijrochisiga ijro hujjatlarni qabul qilish, qarzdorlarni identifikatsiya qilish, mol-mulkini aniqlash, qarorlar qabul qilishga ko‘maklashuvchi “Smart yordamchi” platformasi ishga tushirilgan. Davlat ijrochilarining avtotransport vositalariga nisbatan qidiruv e’lon qilish haqidagi qarorlarini Yo‘l harakati xavfsizligi organlariga “MIB-Portal” dasturi orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratildi.
Yangi amaliyot joriy qilinib, aliment majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlab kelayotgan va qidiruvdagi 3 mingdan ortiq qarzdorlar haqidagi ma’lumotlar byuroning veb-saytiga joylashtirildi.
Bundan tashqari, Toshkent xalqaro aeroportida fuqarolarimizda qarzdorlik sababli yuzaga kelgan taqiqlar masalasiga aniqlik kiritish va ularni yechish, shuningdek elektron to‘lov tizimlari orqali qarzdorliklarni bartaraf etish maqsadida Majburiy ijro byurosining maxsus interaktiv xizmatlar shoxobchasi tashkil qilindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA