Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
31 yoshini qarshi olayotgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i ulug‘landi
21:04 / 2022-11-18

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganiga 31 yil to‘ldi. Mazkur sana munosabati bilan Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, Nukus harbiy prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Tantanali tadbir O‘zbekiston Respublikasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat madhiyalarini ijro etish bilan boshlandi. Nukus harbiy prokurori adliya polkovnigi Shuhrat Zoirov tadbirni ochib berarkan, Davlat bayrog‘ining muhim ahamiyatga molik jihatlari, huquqiy asoslari haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun 1991 yil 18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.

[gallery-9658]

Tadbirda ishtirok etgan ma’ruzachilar davlat bayrog‘idagi oy va yulduzlar hamda ranglar haqida to‘xtalib, moviy rang musaffo osmon, tinchlik va osoyishtalik ramzi ekani, buyuk sarkarda Amir Temurning davlati bayrog‘i ham moviy rangda bo‘lgani va bir tug‘ ostiga 27 davlatni birlashtirganini alohida e’tirof etishdi.

Nukus shahridagi Prezident maktabi hamda Ibrayim Yusupov nomidagi ixtisoslashtirilgan ijod maktabi o‘quvchilarining O‘zbekiston bayrog‘i tarannum etilgan she’riy chiqishlari, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘linmasi xonandalari, “Ayqulash julduzlari” ashula va raqs ansambli hamda Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri jamoasi tomonidan ona yurt, istiqlol, tinchlik va osoyishtalikni tarannum etuvchi kuy va qo‘shiqlar davlat bayrog‘i ulug‘langan tadbirning jo‘shqin kayfiyatda o‘tishini ta’minladi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktabi ijodkor-yoshlarining O‘zbekiston bayrog‘i tasvirlari tushirilgan kompozitsion ishlari ishtirokchilarga havola etildi.

Tadbirdan so‘ng 600 dan ortiq harbiy va o‘quvchi-yoshlar harbiy okrug qo‘mondonligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Sog‘lom hayot uchun 5000 ming qadam” piyoda yurish aksiyasida qatnashdi. Sog‘lom turmush tarzini odat qilishga targ‘ib etgan aksiyada harbiylar va yoshlar 31 yoshini qarshi olayotgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini mag‘rur qo‘targancha harbiy orkestr sadolari ostida olib o‘tishdi.

 

O‘zA