Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
31 may - Xalqaro chekishga qarshi kurashish kuni
10:04 / 2025-05-31

Inson tabiati yangilikka tashna. U xoh foydali, xoh zararli yangilik bo‘lsin, uni o‘z hayotida qo‘llab ko‘rgisi keladi. Globallashuv shiddati hayotimizda shunday o‘zgarishlar sodir etmoqdaki, undagi foydali jihatlardan ko‘ra, zararlilari tez ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Bugun har qanday odam chekish zararli odat ekani, salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishini biladi.  

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda kashandalik oqibatida har yili 5,4 million, har 6 soniyada 1 kishi hayotdan ko‘z yumadi. Mutaxassislarning fikricha, zudlik bilan zarur choralar ko‘rilmasa, 2030 yilga borib kashandalik har yili 8 million kishining hayotdan bevaqt ko‘z yumishiga sabab bo‘ladi.  

—Tamaki tutunining tarkibida zararli moddalar bo‘lib, hammasi inson salomatligini yemirishi tajribalarda isbotlangan,—deydi shifokor Muhabbat Kamolova. — Chekish jarayonida organizmga is gazidan tashqari katta miqdorda xrom, nikotin, qo‘rg‘oshin, karboksigemoglobin va boshqa zararli birikmalarning tushishi yurak qon-tomir, o‘pka yetishmovchiligi, ovqat hazm qilish tizimlari buzilishiga, jinsiy va reproduktiv qobiliyatni susaytirib, onkologik kasalliklarning rivojlanishiga olib keladi.

Bugungi zamonaviy dunyoda tamaki mahsulotlarining yangi turi paydo bo‘lishi chekuvchilar soni tezlik bilan ko‘payishiga sabab bo‘lyapti. Eng achinarlisi shuki, chilim, veyp, aromatizatorlar, elektron isitgichlar ortida sigaret ishlab chiqaruvchilar turadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tahlillariga ko‘ra, o‘smirlar va yoshlar elektron sigaretalarni kattalarga nisbatan 3 barobar ko‘p iste’mol qiladi. 18−29 yoshdagi aholi orasida tamaki isitish tizimlaridan foydalanish darajasi 30−69 yoshdagilarga nisbatan 2,5 baravar yuqori.

Chekishga ruju qo‘ygan odam undan qutulishi qiyin emas. Buning uchun chekuvchidan kuchli sabr hamda iroda talab qilinadi. Mutaxassislar chekishdan qutulishning turli yo‘llarini maslahat berishadi. Bular - sport bilan shug‘ullanish, psixolog maslahati hamda tabiat qo‘ynida sayr qilishdan iborat. Har bir inson o‘z hayotini sog‘lom va chiroyli o‘tkazishi uning o‘ziga bog‘liq.  

Qiziquvchanlik va nafsning ortidan quvib, nosog‘lom hayotga kirib qolgan odam bir kun qattiq afsusdanishi aniq.

N.Rahmonova,

O‘zA