Dunyo ahli bugun tamakiga qarshi kurash kunini (World No Tobacco Day) nishonlamoqda. 1987 yil Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan tamaki epidemiyasining halokatli oqibati, shuningdek chekishni kamaytirish bo‘yicha samarali siyosatga jahon e’tiborini jalb qilishga qaror qildi.
Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, dunyo aholisi sog‘lig‘iga o‘ta jiddiy tahdid solayotgan bu illat har yili sakkiz milliondan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lmoqda. Jumladan, 7 millionga yaqin odam bevosita tamaki iste’molidan, 1,3 million kishi esa tutun ta’siridan vafot etgan.
O‘tgan asrda tamaki epidemiyasi 100 million insonning o‘limiga sabab bo‘ldi, XXI asrda esa bir milliard odam tamaki keltirib chiqargan xastalik tufayli hayotdan erta ketishi mumkin.
Mutaxassislar chekishning har qanday shakli sog‘liq uchun zararli ekani, tamakining eng kam miqdori ham zararli ekanini ta’kidlaydi. Masalan, chilim tarkibida 7000 dan ko‘p kimyoviy modda bo‘lib, kamida 250 tasi zaharli yoki kanserogen xususiyatga ega. Chekish inson tanasining, deyarli, barcha a’zolariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yurak xuruji, insult, og‘iz, tomoq, o‘pka saratoni, astma, sil, diabet, demansni rivojlantiradi.
Yer yuzida tamaki iste’molining eng ko‘p tarqalgan turi sigareta. Shuningdek odamlar chilim, tamaki, puro, sigarillo, bidis, kreteks, qo‘lda o‘ralgan, trubkali va tutunsiz tamaki ham chekadi.
Ikkilamchi tutun – restoran, idora, turar-joy binolari va boshqa yopiq joylarda havoni to‘ldiradigan tutun. Bunday joyda bo‘lgan odam chekayotgan kishi bilan birdek zaharlanadi. Natijada yurak-qon tomir va nafas olish tizimi og‘ir xastaliklariga duchor bo‘lishi mumkin.
Ma’lumotga ko‘ra, sayyoramizda 1,3 milliard chekuvchining 80 foizga yaqini past va o‘rta daromadli mamlakatlarda istiqomat qiladi va aynan shu yurtlarda tamaki tufayli kasallik va o‘lim eng yuqori.
So‘nggi ikki yil ichida dunyo aholisi o‘sishiga qaramay, chekuvchilar soni 19 millionga kamaygan. 2022 yil dunyoda har beshinchi odam kashanda edi, 2000 yilda har uchinchi odam tamaki iste’mol qilgan. Yana bir fakt: chekuvchilarning eng ko‘pi – 26,5 foizi Janubi-sharqiy Osiyoda yashaydi. G‘arbiy Tinch okeani mintaqasidagi tamakiga tobelarning 79 foizi Xitoyga to‘g‘ri keladi. Yevropa mintaqasida esa iste’mol darajasi 25,3 foiz. Afrikada bu ko‘rsatkich eng past. Masalan, 2000 yil qora qit’a aholisining 18 foizi kashanda hisoblangan, 2022 yil ayni miqdor 10 foiz kamaygan. Janubiy va Shimoliy Amerikaning uchdan birida 2030 yilga kelib tamaki iste’moli 30 foiz qisqarishi kutilyapti.
Navbatdagi noxush ma’lumot: Eng ko‘p chekuvchi mamlakat maqomini o‘zida saqlab kelayotgan Nauruda har uchinchi fuqaro – 36,9 foiz aholi chekuvchi. Ikkinchi o‘rin serbiyaliklarda – 33,8 foiz, indoneziyaliklar ham dastlabki uchlikda – 33,4 foiz.
Dunyo mamlakatlari 2005 yil fevral oyida kuchga kirgan JSSTning Tamaki nazorati bo‘yicha asosli konvensiyasi doirasida ushbu illatga qarshi kurash olib bormoqda. Hozirgacha dunyoning 183 mamlakati mazkur hujjatga qo‘shilgan va belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
S.Rahimov, O‘zA