Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
300 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan maydonning suv ta’minoti yaxshilandi
17:41 / 2021-01-02

2020 yilda barcha sohalar qatori suv xo‘jaligi tizimida ham ulkan sinov va qiyinchiliklar kuzatildi. Oldingi yillarga nisbatan suv resurslari o‘rtacha 20 foizga kam bo‘lishiga qaramasdan suvchilarimizning mashaqqatli mehnati evaziga iste’molchilarga sug‘orish uchun vegetatsiya mavsumida barcha manbalardan 32,5 milliard metr kub, shu jumladan, daryo va soylardan 31,2 milliard metr kub suv yetkazib berildi.

Suv tanqisligini yumshatish maqsadida tik quduqlarga ming dona ESV nasosi hamda kollektor tarmoqlariga 1 ming 163 dona dizel nasosi o‘rnatilib, yer ostidan 423 million metr kub va zovurlardan 847 million metr kub suv olindi. Buning natijasida suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 325 ming gektar maydonga kerakli miqdorda suv yetkazib berildi.  

Suv tejovchi texnologiyalar 133,6 ming gektarda yoki avvalgi yillarga nisbatan ikki barobar ko‘p maydonda joriy qilindi. Buning natijasida vegetatsiya davrida 280 million metr kub suv tejalib, 300 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan maydonning suv ta’minoti yaxshilanishiga erishildi. Paxta xomashyosi yetishtiruvchilarga 133 milliard so‘m subsidiya ajratildi.  

Suv xo‘jaligi ekspluatatsiya tashkilotlariga Davlat byudjetidan 4 531,4 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar ajratilgan bo‘lib, shundan, 768,7 milliard so‘mi ish haqi va ajratmalarga, 3 762,7 milliard so‘mi boshqa xarajatlarga (elektr energiyasi xarajatlari uchun 3 274,1 milliard so‘m) ajratildi.  Ushbu mablag‘lar hisobiga, jumladan, 86 ta nasos va 145 ta elektr dvigatel energiya tejamkor bo‘lgan yangisiga almashtirildi. 2 ming 541 ta nasos agregati va 1 ming 204 ta sug‘orish qudug‘i ta’mirlandi.

Shuningdek, energiya tejamkorlikka katta e’tibor qaratilishi tufayli joriy yilda sarflangan elektr energiyasi 7 milliard 178 mililon kVt soatni tashkil etdi. Bu bilan 2019 yilga nisbatan 231 million kVt soat (104 milliard so‘m), oxirgi o‘rtacha uch yillikka nisbatan 737 million kVt soat (332 milliard so‘m) elektr energiyasi tejaldi.

Kapital qo‘yilmalar hisobidan 6 ming 324 kilometr magistral va xo‘jaliklararo sug‘orish tarmoqlarida ta’mirlash va tozalash ishlari bajarildi, ulardagi 6 ming 249 ta gidrotexnik inshoot va 5 ming 918 ta gidropost ta’mirlandi. Natijada kanallarda suv yo‘qotilishi 1,5 milliard metrga kamaydi. 1 ming 164,2 kilometr kanal va sug‘orish tarmog‘i, 878,7 kilometr kollektor-drenaj tarmog‘i, 88 ta gidrotexnika inshooti, 59 ta nasos stansiyasi, 392 dona sug‘orish va 79 ta vertikal drenaj qudug‘i hamda boshqa suv xo‘jaligi ob’ektlari qurildi va rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 13 ming 942 kilometr kollektor-drenaj tarmog‘i tizimli ravishda ta’mirlandi va tiklandi.

294,5 ming gektar maydonning meliorativ holati tubdan yaxshilandi, kuchli va o‘rta sho‘rlangan maydonlar 29,8 ming gektarga kamaydi, sizot suvlari sathi 2 metrgacha bo‘lgan maydonlar 85,7 ming gektarga qisqardi, 206,9 ming gektar maydonda yerlarning meliorativ barqarorligi ta’minlandi. 100 ming gektardan ziyod yer maydoni qayta foydalanishga kiritildi.

Davlat-xususiy sheriklik tamoyili bo‘yicha 32 ta loyiha ustida ish olib borildi. Shundan 8 tasi 2020 yilda davlat reyestridan o‘tkazildi. Buning natijasida 12 milliard so‘m byudjet mablag‘i tejaladi. Shuningdek, mazkur loyihalar doirasida xususiy sheriklar tomonidan 30 milliard so‘m investitsiya kiritish bo‘yicha bitim imzolandi.  

“Aqlli suv” qurilmalari soni 159 taga yetkazildi. 10 ta gidrouzelning boshqaruv jarayonlari to‘liq avtomatlashtirildi. “Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini monitoring qilish” axborot tizimi ishlab chiqildi. Cuv xo‘jaligi sohasidagi barcha axborot tizimlarini o‘zida qamrab olgan 5 ta moduldan iborat “Vaziyatlar markazi” axborot tizimi yaratilib, sinov tariqasida ishga tushirildi. Buning natijasida suv xo‘jaligi inshootlarida real vaqt rejimida suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish, viloyat va tuman chegarasida yetkazib berilayotgan suv resurslarini onlayn kuzatib borish hamda suvning aniq hisob-kitobini yuritish imkoniyatiga erishildi. Suvni boshqarish jarayonlarida inson omilini kamaytirish, suvning texnik yo‘qolishlarining oldini olish, suvdan belgilangan limit asosida foydalanish hamda suvni operativ boshqarish imkoniyati yaratildi.  

Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi kabi yirik xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda 6 ta investitsiya loyihasi doirasida 196,5 million dollar o‘zlashtirildi. Buning natijasida 2020 yil yakuniga kelib jami 191,3 ming gektar sug‘oriladigan yerning suv ta’minoti hamda 100 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilandi. 200 kilometrdan ortiq kanal va ulardagi gidrotexnik inshootlar qayta tiklandi, 105 dona tik quduq qurildi, 11 ta nasos agregati o‘rnatildi, umumiy quvvati 100 m³/s bo‘lgan 1 ta nasos stansiyasi ishga tushirildi. 257 ta nasos agregati faoliyati to‘xtatilishi natijasida har yili 25,9 milliard so‘m ekspluatatsiya mablag‘ini iqtisod qilish, irrigatsiya tizimi kanallarining foydali ish koeffitsiyentini 15 foizga oshirish, yiliga 700-800 million metr kub suvni tejash imkoniyati yuzaga keldi. Ushbu loyihalar doirasidagi ishlar davom etmoqda.

Suv xo‘jaligi sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan 500 nafardan ortiq bitiruvchi tizimga ishga olindi. Ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha “Manzilli reja”ga asosan 2000 nafardan ziyod yoshlarga ish o‘rni yaratildi.

Vazirlik tasarrufiga olingan 11 ta kollejga yangi o‘quv yilida 1 ming 250 nafar, jumladan, 8 ta kollejda “Suv tejovchi texnologiyalarga xizmat ko‘rsatish texnigi” yo‘nalishiga 310 nafar o‘quvchi qabul qilindi. Ushbu kollejlarda meliorativ mashina mexanizmlaridan foydalanish bo‘yicha 3 kunlik qisqa kurslar tashkil etilib, ekspluatatsiya tashkilotlarining 220 nafar xodimi o‘qitildi.  

Prezidentimizning sohaga bo‘lgan e’tibori va bevosita qo‘llab-quvvatlashi natijasida 2020 yilda suv xo‘jaligiga doir 1 ta farmon va 3 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 14 ta qarori qabul qilindi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2020 yil 10 iyuldagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi qabul qilinishi, shubhasiz, keyingi o‘n yillikda suv xo‘jaligi istiqbolini belgilab beruvchi tarixiy hujjat bo‘ldi. Konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlari va tegishli davrga mo‘ljallangan maqsadli parametrlari va ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish yakunlanayapti.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida 2021 yilda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladigan yer maydonlarini 5 barobarga ko‘paytirish va 430 ming gektarga yetkazish, suvni tejash hisobidan 90 ming gektar yangi yerni o‘zlashtirish vazifasini qo‘ydi. Ushbu vazifalarning ijrosini to‘liq ta’minlash, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessansga hissa qo‘shishda oldingi saflarda bo‘lish uchun biz, barcha miroblar bor kuch-g‘ayratimiz bilan intilamiz.

Shavkat XAMRAEV,  

O‘zbekiston Respublikasi  

Suv xo‘jaligi vaziri.

O‘zA