English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
30 yillik sarhisob
10:27 / 2022-07-31

Andijonda “Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi: izlanish, natija va rejalar” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

Davlat, jamoat tashkilotlari, adabiyotshunos, tarixchi olimlar, boburshunoslar, yozuvchi va shoirlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan anjumanda Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining o‘ttiz yillik faoliyati, Bobur ijodiy merosini o‘rganish, keng targ‘ib etish borasida olib borilgan ishlar xususida atroflicha so‘z yuritildi. 

– Bobur xalqaro jamoat fondi va ilmiy ekspeditsiyasining tashkil etilganligiga 30 yil to‘ldi, – deydi Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zokirjon Mashrabov. – O‘tgan ana shu davr mobaynida Fond tomonidan ko‘hna tariximizni chuqur o‘rganish, ma’naviyatimizni yanada yuksaltirish, Bobur va boburiylar yaratgan boy ilmiy-madaniy meros namunalarini Vatanga olib kelib, ilmiy iste’molga kiritish, zaminimizdan yetishib chiqib, xorijda umrguzaronlik qilgan buyuk ajdodlarimiz qabrlarini ziyoratgohlarga aylantirishga qaratilgan ezgu va xayrli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Bobur izidan 40 ziyod mamlakatlar bo‘ylab ilmiy safarlar uyushtirildi. Natijada ko‘plab yangi-yangi manbalar qo‘lga kiritildi va “Bobur va jahon madaniyati” muzeyiga olib kelindi.

Anjuman ishida qator xorijlik olimlar, jumladan, professorlar Muhammad Rizo Nosiriy (Eron), Munavvar Tegjan (Turkiya), Islom Jemeney (Qozog‘iston), dotsentlar Baxtiyor Mamedov (Ozarbayjon), Baxtiyor Fayzullayev (Tojikiston), Dilsora Komil (Kanada), Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi Madaniy markazi rahbari Chandra Shekxar ishtirok etib, fond bilan hamkorlikda Bobur va boburiylar ilmiy-madaniy merosini o‘rganish, targ‘ib etish bo‘yicha olib borilgan ishlar xususida gapirdi.

– Jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar, xususan, Bobur va boburiylar hayoti va ijodini o‘rganish, keng targ‘ib qilish borasida Bobur xalqaro jamoat fondi faoliyatini alohida e’tirof etish lozim, – deydi Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi Madaniy markazi rahbari Chandra Shekxar.  – Fond faoliyati zamirida ko‘hna tarixga, ayniqsa, Osiyo, jahon ilm-fani, taraqqiyoti va rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan, yurtingizdan yetishib chiqqan buyuk tarixiy shaxslar hayoti va ijodiga bo‘lgan yuksak hurmatini ko‘rish mumkuin.

Anjumanda fond tomonidan olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berildi, alohida e’tirof etildi, shuningdek, fond faoliyati samaradorligini yanada oshirish, xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

Tadbir doirasida fond tashabbusi va homiyligida nashr etilgan hazrati Bobur Mirzoning olti jildlik Kulliyoti taqdimoti ham o‘tkazildi.

F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto) O‘zA